Nigeriya shimoli-sharqida 29-iyun kuni uyushtirilgan portlashlar oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Holat mamlakat shimoli-sharqidagi Borno shtatida yuz bergan. Xudkush terrorchilar kamida uchta hududda olomon ichiga kirib, o‘zini portlatgan.
Teraktlar oqibatida 18 nafar fuqaro vafot etgani rasman tasdiqlangan. Shtat favqulodda vaziyatlar vazirligi jarohatlanganlar soni 48 nafar ekanini maʼlum qilgan.
Manbaga ko‘ra, birinchi portlash shanba kuni taxminan soat 15:00 da to‘y marosimi paytida sodir etilgan. Ikkinchi portlash Gvoza umumiy davlat kasalxonasida, uchinchi hujum esa shtat markazidagi dafn marosimi paytida yuz bergan.
Borno shtati davlat favqulodda vaziyatlar agentligi bosh direktori Barkindo Muhammad Saidu Gvoza shahridagi portlash joyiga tashrif buyurgan. U qurbonlar shaxsini tezda aniqlashni buyurgan va halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik izhor qilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida bolalar, katta yoshlilar hamda homiladorlar bor. Fuqarolar qorin bo‘shlig‘i yorilishi, bosh suyagining sinishi va oyoq-qo‘llarining ezilishidan vafot etgan.
Hujum uchun javobgarlikni hozircha hech bir guruh zimmasiga olmagan. Shtat politsiyasi ham hujum yuzasidan savollarni javobsiz qoldirgan.
Hukumatning ayrim oliy rasmiylari hujumlarda “Boko Haram” va “G‘arbiy Afrika Islomiy Davlati” (ISWAP) kabi tashkilotlarni ayblagan. Ushbu tuzilmalar Borno shtati hududidagi eng yirik diniy-ektremistik guruhlar hisoblanadi.
Izoh (0)