Belarus Qurolli kuchlari zenit-raketa qo‘shinlari boshlig‘i Andrey Severinchik mamlakatning chegara hududlarida razvedka olib boradigan dronlarning parvozlari soni keskin ko‘payganini ma’lum qildi. Shu sababli qo‘shimcha havo mudofaa kuchlari Belarusning janubiy chegaralariga olib chiqildi, dedi Severinchik.
“Vizual kuzatuv punktlari tizimi kengaytirildi... Havo hujumidan mudofaa kuchlari va vositalari janubiy chegaralarni, shuningdek, muhim obyektlarni qamrab olish uchun qo‘shimcha ravishda belgilangan hududlarga olib chiqildi”, — deyiladi Belarus Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Andrey Severinchik chegara nazorati, razvedka va javob choralari uchun navbatchi aviatsiya ekipajlari kecha-yu kunduz parvoz qilishini qo‘shimcha qildi. Uning aniqlik kiritishicha, mamlakat harbiy-havo kuchlari chegara qo‘mitasi bo‘linmalari bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi.
Andrey Severinchik Ukraina bilan chegaradagi Belarus havo hududidagi vaziyatni keskin deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shinlar davlat chegarasini doimiy ravishda buzish holatlarini qayd etmoqda.
Kecha, 28-iyun kuni Belarus Davlat chegara qo‘mitasi Ukraina hududidan uchib kelayotgan kvadrokopter tomonidan havo hududi buzilishiga chek qo‘yilgani haqida ma’lum qilgandi.
Izoh (0)