IIV tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik va pora berishga dalolat qilish holati aniqlandi.
Qayd etilishicha, 18-aprel kuni Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 40 yoshli shaxs 38 yoshli fuqarodan 5 ming dollar miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtda ushlangan.
U Yangiyo‘l tumanidagi davlat zaxirasidagi 20 sotix yer maydonidan 4 sotixini mansabdor tanishi orqali kelgusida rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, 20 ming dollarga sotishga kelishgan holda oldindan bo‘nak (avans) sifatida olgan 5 ming dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida uning mansabdor tanishi 1973-yilda tug‘ilgan Yangiyo‘l tumanida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs ekanligi aniqlangan.
Holat yuzasidan IIV huzuridagi tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ikki nafar shaxs qamoqqa olingan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq Buxoro shahri “Abu Ali ibn Sino” MFY hokim yordamchisi kredit mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Yangiyo‘l tumani hokimi mahallalardagi 6 nafar yordamchisini jazolagani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)