Telejurnalist Ramina Yagafarova vafot etgan xususiy klinikaning ikki shifokoriga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. “Daryo” sud hujjati bilan tanishdi.

7-apreldagi sud hukmida keltirilishicha, A.K. va O‘.K. “Doktor servis” MCHJga qarashli xususiy klinikada reanimatolog shifokor bo‘lib ishlab kelgan. 2023-yil 12-sentyabr kuni ular navbatchilikda bo‘lgan. Shu kuni Ramina Yagafarova xususiy klinikada davolanayotgan onasini ko‘rgani kelgan. U betobligi sababli o‘zi bilan birga olib kelgan “Taygeron” nomli dori vositasini iste’mol qilgan hamda mazkur dori vositasi reaksiyasi oqibatida anafilaktik shok holatiga tushib qolgan.
Shifokor O‘.K. Ramina Yagafarovaning ahvoli og‘irligi, karaxt holatda ekani, anafilaktik shok holati yaqqol ko‘rinib turganiga qaramasdan, unga “dori vositalaridan anafilaktik reaksiya” tashxisini noto‘g‘ri qo‘yib, dastlabki davo choralarini patogenetik yo‘nalishga mos bo‘lmagan usulda olib borgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Anafilaktik shok bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha milliy klinik protokol”da bunday bemorga inson organizmi ichki a’zolari faoliyatini tiklovchi “Epinefrin” (adrenalin) dori vositasi qo‘llanishi to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilganiga qaramasdan, shifokor beparvolik bilan mazkur dori vositasini qo‘llashni buyurmagan.
Bundan tashqari, O‘.K. Yagafarovaga so‘roq ostida pnevmoniya tashxisini qo‘ygan bo‘lsa ham, rentgen tekshiruvlari o‘tkazib, pnevmoniya tashxisi bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan. Qolaversa, bemordagi anafilaktik shok holatini bartaraf etish, uning hayotini saqlab qolish hamda davo usulini tanlash maqsadida allergolog va terapevt mutaxassislarining maslahatini olmagan.
Ushbu kasallikni bartaraf etishga moslashmagan hamda anafilaktik reaksiyani yanada kuchaytiruvchi qarshi ko‘rsatmalari bo‘lgan “Kalsiy glyukonat” dori vositasini hamda qorindagi kuchli og‘riqni qoldirish maqsadida tarkibida “narkotik” moddasi bo‘lgan “Promedol” dori vositasini qo‘llashni buyurgan.
Vaholanki, “Anafilaktik shok bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha milliy klinik protokol”da bunday hollarda qanday dori yuborilishi belgilangan bo‘lsa-da, shifokor bunga amal qilmasdan, anafilaktik shok tashxisining asosiy belgilaridan biri — qorinda kuchli og‘riq bo‘lishi haqida o‘ylab ham ko‘rmagan va “Epinefrin” (adrenalin) dori vositasi qo‘llash orqali ushbu og‘riq bartaraf bo‘lishi, bemor Yagafarova dori vositasining allergik reaksiyasi natijasida anafilaktik shok holatiga tushib, qo‘shimcha turli dori vositalari unga qo‘shimcha ravishda allergiya berishi mumkinligini beparvoligi hisobiga e’tibordan chetda qoldirgan.
U to‘g‘ridan to‘g‘ri anafilaktik shok holatida qo‘llanmaydigan 400 ml dozada “Natriy gidrokarbonat” dori vositasini qo‘llagan.
Sud hukmida shifokor O‘.K. tomonidan o‘z kasbiga beparvolik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida bemor 12 soat vaqt mobaynida qarovsiz qolib ketgani ham keltirib o‘tilgan.
Shifokor A.K. esa Yagafarovani umumiy og‘ir ahvolda qabul qilib olgan hamda bosh shifokor M.I. bilan birgalikdagi ko‘rikda unga “anafilaktik shok” hamda “qarindoshlari so‘zidan tutqanoq sindromi” tashxisini qo‘ygan. U Yagafarovaning ahvoli og‘ir bo‘lsa ham, uni anafilaktik shok holati bo‘yicha davo muolajalarini olib borishga ixtisoslashtirilgan muassasaga ko‘chirish choralarini ko‘rmagan. Bemorning tibbiy kartasiga “bemor va uning qarindoshlariga ixtisoslashtirilgan davolash muassasasiga ko‘chirish taklif qilingani, biroq bemor va uning qarindoshlari bunga rozilik bermagani” haqidagi yozuvlarni kiritish bilan cheklangan.
A.K. ham Yagafarovaga mazkur kasallikni bartaraf etishga moslashmagan hamda qarshi ko‘rsatmalarga ega bo‘lgan “Natriy tiosulfat” hamda “Kalsiy glyukonat” dori vositalarini qo‘llashni buyurgan.
Shifokorlar O‘.K. va A.K. bemor Ramina Yagafarovaga tibbiy yordam ko‘rsatish davomida “Anafilaktik shok bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha milliy klinik protokol” talablariga zid ravishda tibbiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatida bemorning umumiy ahvoli og‘irlashgan va tutqanoq xuruji sodir bo‘lgan. So‘ngra telejurnalist yuqori nafas yo‘llari ovqat massalari bilan berkilishi oqibatida mexanik asfiksiya-aspiratsion sindromdan vafot etgan.
Sud hukmi bilan O‘.K. va A.K. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ularning har biriga 1 yil 6 oy muddatga sog‘liqni saqlash tizimida reanimatolog vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Shuningdek, O‘.K. va A.K.dan jabrlanuvchining qonuniy vakili foydasiga 334 million 150 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.
Ramina Yagafarova 31 yoshda edi. U “Dunyo bo‘ylab” telekanalida boshlovchilik qilayotgandi.
Izoh (0)