Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Andijon viloyatiga tashrifi davomida viloyatda 2025-yilda erishilishi rejalashtirilgan asosiy maqsadlarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, 2025-yilning birinchi choragida investitsiya loyihalari samarasida hamda tijorat banklari ishtirokida 77 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.
Umuman, 2025-yilda 5 milliard 700 million dollarlik 166 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu orqali 31 mingta ish o‘rni ochiladi. 31 turdagi yangi mahsulot olish yo‘lga qo‘yilib, 1,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun 65 megavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.

Bu ishlarni davom ettirib, yil yakuniga qadar umumiy 305 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Taqdimotda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoatni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2025-yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati 5,5 foizga yetishi kutilmoqda.
Prezident mutasaddilarga loyihalarni o‘z vaqtida bajarib, aholini daromadli ish bilan ta’minlash, ishsizlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yilning noyabrida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazganida, viloyatda 400 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish zarurligini aytgandi.
Viloyatda ishsizlik 9,1 foizdan 7 foizga tushgani, aholining tadbirkorlikdan olayotgan daromadi 1,5 baravarga oshgani qayd etilgandi. Prezident bu ko‘rsatkichlar hali yetarli emasligini ta’kidlagandi.
Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi
Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 15-aprel kuni Andijon viloyatiga keldi. Davlat rahbari dastlab Andijon xalqaro aeroportini modernizatsiyalash ishlarining borishi bilan tanishdi. WBM Romitex klasterining Andijon shahrida qurilgan yangi korxonasiga borib, faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Tashrif davomida yangi korxonalar faoliyatidan tashqari, sanoat, energetika, shaharsozlik va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, joylardagi qurilish va bunyodkorlikni ko‘zdan kechirish ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, davlat rahbari hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi.
Izoh (0)