BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi Isroil rasmiylarining Al Jazeera telekanalini mamlakatda efirga uzatilishini taqiqlashi haqidagi qarorini tanqid qildi.
BMT bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik tashkilot OAV erkinligini cheklovchi har qanday qarorga qarshi ekanini ma’lum qildi.
“Isroil Vazirlar mahkamasining mamlakatdagi Al Jazeera telekanalini yopish qaroridan afsusdamiz. G‘azodan reportaj tayyorlash bo‘yicha qat’iy cheklovlar bo‘lgan bir paytda erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalari shaffoflik va javobgarlikni ta’minlashda zarurdir. Fikr erkinligi insonning asosiy huquqidir. Biz hukumatni taqiqni bekor qilishga chaqiramiz”, — deyiladi BMTning inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi bayonotida.
Dyujarrik ham xuddi shunday fikrni bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT “matbuot erkinligidan uzoqlashishga qaratilgan har qanday qarorga keskin qarshi”.
Al Jazeera telekanalining Isroilda yopilishi
5-may kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumat Al Jazeera telekanalini mamlakatda ko‘rsatishni taqiqlashga qaror qilganini aytdi.
Endilikda telekanalning Quddusdagi ofisi yopiladi, translyatsiya uskunalari musodara qilinadi va kanal veb-saytiga kirish bloklanadi. Telekanalning efirga uzatilishi taqiqlangani haqidagi xabarlardan ko‘p o‘tmay, Al Jazeera’ning Quddusdagi ofisida tintuvlar o‘tkazildi.
Times of Israel gazetasining xabar berishicha, politsiya jurnalistlarning jihozlari va mobil telefonlarini tortib olgan. Al Jazeera advokatlari efirni taqiqlash qarori ustidan shikoyat qilishga tayyorlanmoqda.
Al Jazeera telekanali Isroilning qarorini “jinoiy akt” deb atagan
“Ajablanarlisi shundaki, butun dunyo Jahon matbuot erkinligi kunini nishonlar ekan, Isroil hukumati Al Jazeera telekanalining ofislarini yopdi va so‘z erkinligining umume’tirof etilgan asoslarini e’tiborsiz qoldirib, jamoatchilikni telekanal kontentidan mahrum qildi. Al Jazeera media tarmog‘i inson huquqlari va axborotga kirishning asosiy huquqini buzuvchi ushbu jinoiy aktni keskin qoralaydi”, — deyiladi Qatar xoldingi bayonotida.
Izoh (0)