O‘zbekistonda 2023-yil 1-oktyabrdan biznes uchun, joriy yilning 1-mayidan aholi uchun elektr va gaz tariflari oshirildi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov UzReport telekanaliga bergan intervyusida narxlar ko‘tarilishi sabablarini maʼlum qildi.
Uchta asosiy sabab
Jurnalist bilan suhbat davomida Jo‘rabek Mirzamahmudov elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari o‘sishiga olib kelgan uchta asosiy sababni aytdi.
“Avvalo, tariflar oshirilishi elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishdagi xarajatlarning bir qismini qoplash bilan bog‘liq. Hozirda bu mahsulotlarni ishlab chiqarishdan yetkazib berishgacha bo‘lgan xarajatlar to‘liq qoplanmayapti. Shuning uchun mazkur yo‘nalishlarga byudjetdan juda katta subsidiyalar ajratilyapti.
Ikkinchi sababi — tejamkorlikka undash. Uchinchidan, investitsiyalarni jalb qilish. Hozir bizga generatsiyaga ko‘proq investitsiya kelmoqda. Elektr energiyasi yetkazib berish yo‘nalishida bir necha kompaniya o‘rganish olib bordi va tariflar pastligi tufayli bu yo‘nalishga xususiy investitsiya kiritishga tayyor emasligini bildirdi. Shuning uchun tarifni oshirish ushbu masalani yechishning bir bosqichi deb o‘ylaymiz”, — dedi vazir.
Ijtimoiy norma nega 200 kVt/soat?
Avvalgi davrlardan farqli ravishda bu galgi elektr va gaz tariflarida ijtimoiy norma belgilandi. Xususan, elektr energiyasining oyiga 200 kVt/soatgacha bo‘lgan isteʼmoli uchun narxlar 450 so‘mdan bo‘ladi. Isteʼmol hajmi bundan oshsa, narx ham 200 kVt/soatdan yuqori qismi uchun ko‘tarilib boradi. Jo‘rabek Mirzamahmudov nega aynan ijtimoiy norma 200 kVt/soat etib belgilanganiga izoh berdi.
“Asosiy isteʼmolchilar ulushini tahlil qildik. Statistika shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning aprel oyida 200 kVt/soatgacha bo‘lgan ulush eng katta bo‘lib chiqdi. Yaʼni bizda 7 million 228 ming abonent bo‘lsa, shundan 5 million 255 mingtasi (73 foizi) 200 kVt/soatdan kam elektr ishlatgan. Qish oylarida ham 66–68 foiz abonent 200 kVt/soatgacha elektr ishlatgan. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 200 kVt/soat bazaviy ehtiyojlarni qoplashga yetadi”,—dedi vazirlik rahbari.
Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, yuqoridagi 73 foiz abonentning elektr energiyasi isteʼmoli umumiy isteʼmolning 35 foizini tashkil qilmoqda. Ular bir oyda 415 million kVt/soat elektr energiyasi sarflamoqda.
“Qolgan 27 foizga yaqin abonent umumiy hisobda elektr energiyasining 58,8 foizini isteʼmol qilyapti. Bir oyda ular 1000 kVt/soatgacha (har bir abonent–tahr.) jami 697 million kVt/soat elektr energiyasi isteʼmol qiladi va 1000 kVt/soatdan yuqori isteʼmol qilgan abonentlar 5,7 foizni tashkil etadi. Ular juda katta hajmda elektr energiyasi isteʼmol qilyapti”,—dedi vazir.
Gaz qazib olish hajmi nega kamaymoqda?
Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, O‘zbekistondagi 85 foiz konlardan tabiiy gaz qazib olib bo‘lingan.
“Hozir konlarga borgan sari chuqur kirib borilmoqda. Ulardan gaz qazib chiqarishda siquv kompressor stansiyalarida muammolar yuzaga kelib, qo‘shimcha vaqt va xarajat ketmoqda. Buning oqibatida mahsulot tannarxi oshmoqda. Texnologiyada konlarga qanchalik chuqur ketgani bilan baʼzi natijalar biz o‘ylagandek bo‘lmayapti. Eskirgan texnologik uskunalarimizda avariyalar ko‘paygan. Ularni vaqtida modernizatsiya qila olmaganimiz sababli kompressor stansiyalardagi agregatlarda to‘xtash holatlari bor. Tizimda 4 oy ichida 333 ta texnik nosozliklar bo‘ldi”, — dedi Energetika vaziri.
Energetika vaziri mamlakat elektr energiyasi yetkazish tarmoqlaridagi nosozliklar va avariyaviy holatlarni to‘liq bartaraf qilishga kamida 3–4 yil kerakligini aytdi.
“Joriy yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini kamida 5 milliard kVt/soatga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu hajm yangi IESlar ishga tushirilishi, yangi quyosh va shamol generatsiyalari hisobiga oshadi. 2024-yilda qo‘shimcha elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatimiz ham bor. Chunki oldingi yillarda 4 milliard kVt/soatdan ko‘proq elektr energiyasi import qilgan bo‘lsak, joriy yilda bu hajm qisqarib, 3 milliard kVt/soatdan kamroq bo‘ladi”,—deya maʼlum qildi vazirlik rasmiysi.
Jo‘rabek Mirzamahmudovning qo‘shimcha qilishicha, elektr va gaz tariflari oshgani hisobiga 2024-yilda energetikaga davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar miqdori kamayadi.
Maʼlumot uchun, 2023-yilda respublikada tabiiy gaz oldi-sotdisi o‘rtasidagi taqchillikni qoplash uchun davlat byudjetidan qariyb 18 trillion so‘m to‘lab berilgan. Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida 2024-yilda bu miqdori 9,5 trillion so‘mga pasaytirilishini aytgan. Keyingi bosqichlarda subsidiyalar yana ikki baravar qisqartiriladi. Subsidiyalardan bo‘shagan pullar ijtimoiy sohaga hamda aholining ijtimoiy himoyasiga sarflanishi maʼlum qilingan.
Izoh (0)