Qo‘shma Shtatlarning F/A-18 Super Hornet qiruvchi samolyoti Qizil dengizga qulab tushdi. Bu haqda AQSH harbiy dengiz kuchlari bayonot berdi.
Hodisa USS Harry S. Truman aviatashuvchisi bortida yuz bergan. Ma’lum qilinishicha, kema Yaman husiylari tomonidan uchirilgan raketa va dronlarga chap berish uchun manyovrga kirishgan. Natijada angarda saqlanayotgan F/A-18E Super Hornet samolyoti hamda tortuvchi texnika nazoratdan chiqib, dengizga qulagan. Harbiylar o‘z jonini saqlab qolgan. Faqat bir kishi yengil jarohatlandi.
CNN bilan suhbatlashgan AQSH rasmiysi samolyot butunlay suv ostiga cho‘kkanini tasdiqladi. F/A-18E Super Hornet qiruvchilarining har biri 60 million AQSH dollariga baholanadi.

USS Harry S. Truman Nimitz sinfidagi aviatashuvchi bo‘lib, dunyoning eng yirik kemalaridan biri hisoblanadi. Qo‘shma Shtatlar uni Yaman husiylariga qarshi turish uchun Qizil dengizga joylashtirgan.
E’tiborlisi, kema Qizil dengizda missiya boshlaganidan buyon ikkita F/A-18 Super Hornet qiruvchisidan ayrildi. Avvalroq 2024-yilning 22-dekabr kuni samolyotlardan biri USS Gettysburg raketa kreyseri tomonidan “do‘stona otishma” natijasida urib tushirilgandi.
Izoh (0)