“Ziki eski shahar” laqabi bilan tanilgan va 2023-yil dekabr oyida o‘tkazilgan reyd chog‘ida hibsga olingan Lutfulla Umarovga nisbatan hukm o‘qildi. Bu haqda Toshkent shahri sudlari “Daryo”ga maʼlum qildi.
Sud hukmi hujjatiga ko‘ra, sudlanuvchi 2023-yil may oyi oxirida Toshkent shahridagi jarlik hududidan 12 dona ko‘knori o‘simligi boshoqlarini topib, shamollashga qarshi dori deb do‘stiga saqlash uchun bergan. 7-dekabr kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari tanishining xonadonini ko‘zdan kechirish chog‘ida umumiy massasi 9,64 gramm bo‘lgan, tarkibida opiy guruhiga mansub bo‘lgan alkoloidlar (kodein, tebain) bo‘lgan ko‘knori boshoqlari aniqlangan.
Sud sudlanuvchi Umarovning harakatlarida Jinoyat kodeksining 55-moddasida nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi hamda 56-moddada nazarda tutilgan jazoni og‘irlashtiruvchi holatlarni aniqlamagan.
Sud hukmiga ko‘ra, Lutfulla Umarov Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek ularni ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan aybdor deb topilib, 6 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Aybdor jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashi belgilangan.
Hukm ustidan apellyatsiya shikoyati va protestlari hukmi (ajrimi) eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 10 sutka ichida, mahkum (oqlangan shaxs) va jabrlanuvchi tomonidan esa hukm nusxasini olgan kundan eʼtiboran shu muddat ichida berilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 2-dekabr kuni Toshkent shahrida “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan shaxs qo‘lga olingani maʼlum bo‘ldi. U atrofiga jismonan baquvvat shaxslarni to‘plab, qarzdorlik va boshqa muammolarni qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish bilan shug‘ullangan. 3-dekabr kuni esa huquq-tartibot idoralari xodimlari “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevni qo‘lga oldi.
Ko‘p o‘tmay Toshkent shahrida profilaktik tadbir davomida Salimboy nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev ham ushlandi. 1950-yilda tug‘ilgan Abduvaliyev Salim Kirgizbayevich (248-modda 1-qismi, o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash) gumon qilinuvchi tarzida jalb etilgan. Mart oxirlarida unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani maʼlum bo‘ldi.
Izoh (0)