Xitoy fuqaro aviatsiyasi maʼmuriyatida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish hamda parvozlar geografiyasini kengaytirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Tadbirda Xitoy fuqaro aviatsiyasi maʼmuriyati Xalqaro hamkorlik departamenti direktori o‘rinbosari Myao Sin va elchixona vakillari ishtirok etdi.
Xitoy tomoni so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar hamda mamlakatimizning turizm imkoniyatlari bilan atroflicha tanishtirildi. Shuningdek, xorij tomoni fuqarolarning madaniy almashinuvi va o‘zaro sayohatlarini faollashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan ijobiy natijalar haqida ham so‘z yuritildi.
Myao Sin so‘nggi yillarda tomonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oliy va yuqori darajalardagi muloqotlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida ayni vaqtda ikki mamlakat o‘rtasidagi parvozlar sonini 18 taga yetkazilganini maʼlum qildi.
Havo qatnovlari Pekin va Toshkent o‘rtasida 7 ta, Urumchi va Toshkent o‘rtasida 5 ta, Sian va Toshkent o‘rtasida 3 ta va Chendu va Toshkent o‘rtasida 3 tani tashkil qilmoqda.
Uchrashuv yakunida yaqin kelajakda ikki mamlakat o‘rtasidagi parvozlar sonini haftasiga 100 taga yetkazish to‘g‘risida kelishib olindi.
Izoh (0)