Suriya qurolli muxolifat guruhlari tomonidan kutilmaganda boshlangan hujum 2020-yildan buyon nisbatan barqaror bo‘lib kelgan frontni parchalab tashladi. Bir hafta ichida mamlakatning shimoliy poytaxti Halab va undan 100 km janubda joylashgan Hama isyonchilar nazoratiga o‘tdi. Ular Asad rejimi uchun Idlibga qisib borilgan muxolifatga qarshi platsdarm vazifasini bajarib kelayotgandi. Shu bois yirik miqdordagi qurol-yarog‘ hamda harbiy bazalar mazkur hududlarga joylashtirilgandi. Chekinish vaqti ularning aksariyati tashlab ketildi.
Koalitsiyaga birlashgan isyonchilarining asosiy qismi “Hay’at Tahrir al-Shom” terrorchi ekstremistik harakatiga mansub. 2016-yili aloqalarini uzgunga qadar u “Al-Qoida” terrorchilik tashkilotining Suriyadagi bo‘limi hisoblanardi. Shunga qaramay, harakat nomi BMT, AQSh, Turkiya va Rossiya, Eron kabi davlatlarning “qora ro‘yxati”da saqlanadi.
Navbatdagi g‘alabadan so‘ng “Hay’at Tahrir al-Shom” harakati yetakchisi Abu Muhammad al-Julani videomurojaat yo‘llab, isyonchilar Hama shahriga “40 yildan beri mavjud yarani davolash” uchun kirganini va “qasos olinmasligini” aytdi. Bundan tashqari, u Iroq hukumatiga murojaat qilib, “Al-Hashd al-Shaabi” kabi shia jangari harakatlarining mojaroga aralashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Hama nimasi bilan muhim?
Shahar Halabdan poytaxt Damashqqa olib boruvchi M5 avtomagistralidagi muhim strategik hududdir. U yana bir yirik shahar Xomsdan atigi 70 km masofada joylashgan. Hamada Suriya harbiy aviatsiyasi va havo hujumidan mudofaa qo‘shinlarining qimmatli aktivlari mavjud edi. Hukumat kuchlari hududni tashlab qochar ekan, qiruvchi samolyotlar hamda zenit-raketa tizimlari isyonchilar nazoratiga o‘tdi.
Qolaversa, muxolifat uchun shaharning tarixiy ahamiyati ham bor. Bunga 1982-yili bo‘lib o‘tgan qonli voqealar sabab. U tarixga “Hama qirg‘ini” nomi bilan kirgan. O‘shanda Bashar Asadning otasi Hafiz Asad “Musulmon Birodarlar” harakati isyonini vahshiylik bilan bostirishga qaror qilgandi. Uning ko‘rsatmasiga binoan hukumat kuchlari shaharni o‘rab olib, og‘ir artilleriya va tanklardan bombardimon qildi. Askarlar uyma-uy yurib, tinch aholini o‘ldirdi. Halok bo‘lganlar soni haqida aniq ma‘lumot yo‘q. Turli manbalar 10 000 dan 40 000 gacha bo‘lgan raqamlarni keltiradi.
Ikki olov qarshisida qolgan Rossiya
Hama va Xoms shaharlarining isyonchilar nazoratiga o‘tishi Bashar Asad rejimini muhim aerodromlar, shuningdek bir necha qiruvchi samolyotlardan mahrum qildi. Bu esa muxolifatga qarshi havo zarbalari intensivligini pasaytirib yubordi. Suriyadagi aktivlarining yirik qismini Ukrainaga ko‘chirgan Rossiya ham xuddi shunday holatda. Ya’ni hozirda mavjud kontingent shiddat bilan ilgarilab kelayotgan isyonchilarni to‘xtatishga yetarli emas.
Bu esa Rossiyaning Yaqin Sharqdagi yagona harbiy dengiz bazasi joylashgan Tartus port shahrini xavf ostida qoldirdi. Boisi Xomsning qo‘ldan ketishi mazkur bazani Suriyaning Asad nazoratidagi qismlaridan uzib qo‘yadi. Bu esa Kremlni Ukrainadagi pozitsiyalarini zaiflashtirish evaziga bo‘lsa ham qo‘shimcha kuch jalb qilishga majburlashi mumkin.
Suriyacha blitskrig
Muxolifat Halab sharini egallash uchun ikki kun sarfladi. Dastlabki kungi tartibsizliklardan so‘ng palapartish chekingan Suriya armiyasi Hama shahrida qayta tartiblanib, madad qabul qilib oldi. Shunga qaramay, ular ikkinchi shaharni ham qisqa vaqtda tashlab qochdi. Suriya mudofaa vaziri buni “vaqtinchalik taktik chora” deb izohlagan bo‘lsa-da, amalda hukumat hujum sur’atiga mutanosib javob qaytara olmayapti.
Rossiya harbiy kontingenti isyonchilar hujumini sekinlashtirish uchun M5 avtomagistralining Hama-Xoms yo‘lidan o‘tgan qismidagi Rastan ko‘prigiga zarba berdi. Shunga qaramay, muxolifat kuchlari Xoms markazidan atigi 3 km masofada joylashgan Ter Maela hududiga yetib borgani xabar qilinmoqda. Bu Damashq yo‘lidagi yagona to‘siq hisoblanadi. Agar Xomsda Halab va Hama shaharlarining taqdiri takrorlansa, poytaxt mudofaasi nihoyatda zaiflashib qoladi.
Asad Rejimi qulaydimi?
Voqealar ko’p jihatdan 2021-yilgi Afg’onistonni eslatib yuboradi. AQSh o‘z harbiy kontingentini mamlakatdan tezroq olib chiqishga harakat qilar ekan, NATO instruktorlari tomonidan o‘qitilgan hukumat kuchlari jiddiy qarshilik ko‘rsata olmadi. Hayotini xavf ostiga qo‘yishni istamagan askarlar pozitsiyalarini tashlab qochishdi. Tolibon shahar va qishloqlarni birma-bir qo‘lga kiritayotgan bir vaqtda rasmiy Qobul va ittifoqchilari havo zarbalari bilan kifoyalandi.
Biroq Suriya Eron va Rossiya uchun favqulodda muhim ahamiyatga ega. Tehron mojaro boshidan beri mamlakatga 30 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarfladi. Bu pullar Asad rejimini qutqarish uchun harbiy yordam, shuningdek boshqa infratuzilma loyihalari uchun sarmoya ko‘rinishida kirib keldi.
Bashar Asad rejimi Moskva uchun Yaqin Sharqdagi geosiyosiy ta‘sirini ushlab turishda muhim rol o’ynaydi. Mintaqaning Rossiya harbiy hozirligi mavjud yagona davlati Suriya hisoblanadi. Isyonchilar hujumi Damashqning har ikki ittifoqchisi ham o‘z muammolari bilan o‘ralashib qolgan vaqtga to‘g‘ri keldi.
Biroq Putin, agar vaziyat taqozo qilsa, taktik chekinishlarga qo‘l urishdan tortinmaydi. Kerakli kuch to‘plangach, yo‘qotilgan hududlarni qaytarish mumkinligiga ishongani bois anchayin sovuqqonlik bilan harakat qiladi. Bunga Kursk misolida guvoh bo‘ldik.
Lekin voqealar rivoji haddan ziyod tezlashib ketdi. Qurolli muxolifat allaqachon Xoms shahrining shimoliy etagida turibdi. Undan so‘ng Damashq yo‘li ochiladi. Mazkur ikki shahar orasida mustahkam mudofaa istehkomi vazifasini bajaradigan yirik aholi maskanlari mavjud emas. Bashar Asad rejimining taqdiri uning ittifoqchilari qachon va qanday ko‘lamda harbiy yordam ko‘rsatishiga bog‘liq bo‘lib qoldi.
Izoh (0)