AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Suriyada Bashar Asad rejimining ag‘darilishiga olib kelgan so‘nggi voqealar haqida bayonot berdi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.
Turkiya juda aqlli. Prezident Erdo‘g‘on juda aqlli va kuchli shaxs. Asad bolalarga nima qilganini baholang — u shafqatsiz qassob, dedi Tramp.
U jurnalistning “Suriyadagi 900 nafar amerikalik askarni nima qilasiz?” degan savoliga quyidagicha javob berdi.
“Buni hal qilishning boshqa yo‘li bo'lishi kerak. Bir yechim Turkiya. Qo‘shma Shtatlar mintaqada Turkiya bilan hamkorlik qilishi mumkin”, dedi AQSHning saylangan prezidenti.
Turkiyaning “muhim kuch” ekanini ta’kidlagan Tramp, “Prezident Erdo‘g‘on men bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan odam. Uning harbiy qudrati katta. Bu qudrat urushlarda ham tugamadi. U juda kuchli va samarali armiya tuzdi” dedi.
Suriyaning kaliti Turkiya qo'lida bo'ladi, deya ta’kidladi siyosatchi.
U Turkiya Suriyada hokimiyat tepasiga kelgan qurolli muxolifat ortida turganini ma’lum qildi.
Suriyadagi vaziyat
Noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Halab shahrini, Xama va Xoms viloyatlari hududlarining bir qismini o‘z nazoratiga oldi. Shundan so‘ng Damashqqa kirdi. Prezident Bashar Asad oilasi bilan mamlakatni tark etdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bashar Asad isyonchilar bilan kelishuvga erishib, iste’foga chiqishga rozi bo‘lgani, shundan keyin Suriyani tark etgani haqida ma’lumot berdi. Isyonchilar Asadni qo‘lga olishda yordam beradigan ma’lumot uchun 10 million dollar va’da qilgan.
Siyosatchi mamlakatni tark etganidan keyin isyonchilar Asad qarorgohiga bostirib kirgan, odamlar buyumlarni talon-toroj qilgan. Qarorgohdagi garajda BMW, Audi, Ferrari, Lamborghini Diablo kabi 50 ga yaqin hashamatli va qimmatbaho avtomobillar aniqlangan.
Kechroq Kremldagi manbalar Suriyadan qochgan prezident oilasi bilan Moskvaga kelgani, Putin ularga boshpana berganini ma’lum qildi.
10-dekabr kuni Idlib shahrida qo‘zg‘olonchilarga rahbarlik qilgan Muhammad al-Bashir o‘zini Suriyaning o‘tish davri hukumati rahbari etib tayinladi. U fuqarolarga qarata qilgan televideniye murojaatida bu lavozimni kamida 2025-yil 1-martgacha egallab turishini aytdi.
Izoh (0)