Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi yozgi transfer oynasida yangi darvozabon sotib olishga harakat qilmoqda. Klub rahbariyati kamerunlik posbon Andre Onananing o‘tgan mavsumdagi ko‘plab xatolari va jarohatlarini inobatga olib, bu pozitsiya uchun ishonchli nomzod izlamoqda.

The Telegraph nashrining xabar berishicha, “qizil iblislar” Italiya terma jamoasi darvozaboni Janluiji Donnarumma borasida “PSJ”ga so‘rov yuborgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, parijliklar Donnarummani shu yozda sotib yuborish niyatida. Sababi, uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2026-yilning yozida yakunlanadi. Shartnomani uzaytirish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar esa murakkab kechmoqda. Agar tomonlar kelishuvga erisha olmasa, “PSJ” keyingi mavsum oxirida darvozabonni erkin agent sifatida qo‘yib yuborishga majbur bo‘ladi.
“Manchester Yunayted” esa ushbu vaziyatdan foydalanib, 26 yoshli posbonni o‘z tarkibiga qo‘shib olishni maqsad qilgan. Agar muzokaralar ijobiy yakunlansa, Donnarumma shu yozda “Old Trafford” egalari safiga ko‘chib o‘tishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Donnarumma o‘tgan mavsumda “PSJ” tarkibida jami 47 o‘yinda maydonga tushgan, ularda 43 ta gol o‘tkazib yuborgan va 17 uchrashuvda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Transfermarkt portali italiyalik posbonning transfer qiymatini 40 million yevroga baholamoqda.
Izoh (0)