Raqobat qo‘mitasi “Lukoyl” kompaniyasiga narx manipulyatsiyasi orqali asossiz olingan mablag‘ni qaytarish majburiyatini qo‘ygandi. Kompaniyaning “Daryo” so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, qo‘mitaning bu boradagi qarori ustidan shikoyat qilmoqchi.
Iyul oyining boshlarida qo‘mita Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd kompaniyasiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun va hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atgandi.
Qo‘mita bergan ma’lumotga ko‘ra, Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd kompaniyasining birja savdolari orqali texnik oltingugurt mahsulotini realizatsiya qilishda, shu jumladan, birja savdolarida mahsulot hajmlarini nomuvofiq qo‘yish kabi manipulyatsiya holatlari orqali mahsulot narxlarining oshishiga olib kelgan harakatlarining alomatlari aniqlangan.
Natijada birja savdolarida texnik oltingugurt mahsuloti narxlari o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha oshishiga sabab bo‘lgan.
18-iyul kuni ushbu ish yuzasidan qo‘mitaning Maxsus komissiyasi Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd kompaniyasiga “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun hamda “Birja savdolarida yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgani natijasida asossiz olingan mablag‘ni qaytarish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Kompaniyaga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va keyinchalik yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgandi. Shuningdek, maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga egaligini ma’lum qilgandi.
Kompaniyaning “Daryo”ga bildirishicha, Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd monopoliyaga qarshi kurashish borasidagi O‘zbekiston qonunchiligiga zid bo‘lgani sababli qo‘mitaning vajlari va xulosalariga qo‘shilmaydi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilinadi.
Izoh (0)