Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida piyodalarga yo‘l berib, kortej yo‘lini to‘sgan avtomobil haydovchisi 3 million 750 ming so‘m jarimaga tortilib, mashinasi jarima maydonchasiga joylashtirilgani haqida xabarlar tarqaldi.
“Daryo” holatga oydinlik kiritish uchun Buxoro viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) bilan bog‘landi.

Buxoro viloyati YHXB axborot guruhi katta inspektori Shukurullayev Ulug‘bekning bildirishicha, amaldagi yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, piyodalar yoki harakat ishtirokchilari maxsus sirena tovushini eshitgandan so‘ng to‘xtashi, transport vositalari esa chetga o‘tishi shart hisoblanadi.
Shu tufayli transport vositasi haydovchisi O‘zbekiston Respublikasining yo‘l harakati qoidasining 128-5-moddasini buzgan deb topilgan hamda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Unga ko‘ra, haydovchiga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha (3 million 750 ming so‘m) jarima qo‘llangan.
- O‘zbekiston Respublikasi yo‘l harakati qoidasining 128-5-moddasi transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqish bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki transport vositasini boshqarish huquqidan uch oygacha muddatga mahrum etishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-sonli qarori:
Tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar va maxsus tovushli ishorasi yoqilgan transport vositalari yaqinlashib kelayotgan bo‘lsa, piyodalar qatnov qismidan o‘tmasliklari, unda harakatlanayotganlari esa ushbu transport vositalariga yo‘l berishlari va zudlik bilan qatnov qismini bo‘shatishlari kerak.
Katta inspektorning qo‘shimcha qilishicha, mazkur holat bir necha oy oldin sodir bo‘lgan bo‘lib, hozirda vaziyat qayta o‘rganilmoqda.
Izoh (0)