O‘zbekistonlik bokschi, Parij-2024 Olimpiadasi chempioni Lazizbek Mullajonovdan olingan doping namunasi tarkibida taqiqlangan modda aniqlangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Xalqaro test agentligi (ITA) xabar berdi.

Unga ko‘ra, 11-iyun kuni Mullajonovdan olingan namunada metasteron metabolitlari aniqlangan. Bu modda Jahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan anabolik steroid (bu sun’iy (kimyoviy) yo‘l bilan tayyorlangan gormon) hisoblanadi. U mushaklarni tez kattalashtirish, jismoniy kuch va chidamlilikni yaxshilash uchun qo‘llaniladi.
Xalqaro test agentligi ushbu holat yuzasidan sportchini ogohlantirgan. Endilikda Lazizbek Mullajonovda “B namunasi”ni tekshirtirish huquqi mavjud. Agar “B namunasi” ham ijobiy natija bersa yoki sportchi tekshiruvdan voz kechsa, bu holat antidoping qoidalarining buzilishi sifatida baholanadi va sportchining musobaqalardan chetlashtirilishiga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, og‘ir vazn toifasida (+92) ringga chiqadigan Lazizbek Mullajonov Osiyo va yozgi Olimpiada chempioni hisoblanadi. Shuningdek, u 2023-yilgi Jahon chempionati bronza medali sovrindori bo‘lgan.
Izoh (0)