Pokiston tog‘larida tosh ko‘chkisi ostida qolgan biatlon bo‘yicha ikki karra Olimpiada chempioni Laura Dalmayer halok bo‘ldi. Bu haqda uning menejeri xabar berdi.

Ikki kunlik qidiruvdan so‘ng uning jasadi qutqaruvchilar tomonidan topilgan. Dalmayer 28-iyul, dushanba kuni mahalliy vaqt bilan tushga yaqin taxminan 5700 metr balandlikda tosh ko‘chkisi ostida qolgan. Ob-havo sharoiti va tosh ko‘chishi xavfi yuqori bo‘lganligi sababli unga faqat hozirga kelib yetib borish imkoni tug‘ilgan.
Aniqlanishicha, fojiali hodisa Dalmayer sherigі bilan balandligi 6069 metr bo‘lgan Layla cho‘qqisiga ko‘tarilayotganda yuz bergan.
Sobiq biatlonchi tog‘ va chang‘i bo‘yicha sertifikatlangan yo‘riqchi, tog‘-qutqaruv xizmatining amaldagi xodimi bo‘lib, tajribali alpinist hisoblangan.
Laura Dalmayer biatlon tarixidagi eng ko‘p unvonli sportchilardan biri hisoblanadi. U ilk bor 2013-yil 1-mart kuni Osloda o‘tkazilgan Jahon kubogida ishtirok etgan bo‘lsa, 2015-yilda Germaniya estafetasi tarkibida jahon chempionatining birinchi oltin medalini qo‘lga kiritgan. Umuman olganda, u yetti marotaba jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan. 2018-yilgi Pxenchxan Olimpiadasida u ikkita oltin medal - sprint va ta’qib poygalarida g‘olib bo‘lgan, shuningdek, yakka tartibdagi poygada bronza medalini qo‘lga kiritgan. Bundan bir yil avval u Germaniya Federativ Respublikasida “Yilning eng yaxshi sportchisi” deb e’tirof etilgandi.
Alpinizm va qoyaga chiqish bilan shug‘ullanishdan tashqari, sobiq biatlonchi so‘nggi paytlarda ZDF telekanalida ekspert sifatida faoliyat yuritgan.
Izoh (0)