Parij Olimpiadasi chempioni va Jahon chempionati sovrindori bo‘lgan bokschi Lazizbek Mullajonov anti-doping qoidalarini buzganlikda gumon qilinmoqda. Xalqaro test agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Mullajonovdan olingan namunada metasteron metabolitlari aniqlangan.

Mullajonovning murabbiyi Alisher To‘ychiev Olamsport.com jurnalisti Aziz To‘xtamurodov bilan suhbatda bu xabarni tasdiqladi va vaziyat yuzasidan quyidagicha izoh berdi:
Bu xabarlar rost. Ammo aprel oyida topshirilgan doping testi natijasi musbat chiqqandi, ya’ni toza edi. Iyun oyidagi tahlilda esa taqiqlangan modda aniqlangan. Lazizbek o‘tgan yilning noyabrida soch ektirish muolajasini o‘tkazgan va aynan o‘sha vaqtda mazkur modda organizmiga tushgan bo‘lishi mumkin. U qabul qilgan dorilar haqida barcha ma’lumotlarni tegishli tashkilotlarga taqdim etganmiz, — dedi Alisher To‘ychiev.
Ma’lumot uchun, og‘ir vazn toifasida (+92) ringga chiqadigan Lazizbek Mullajonov 2024-yil Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiada o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u boks bo‘yicha Osiyo chempionati g‘olibi ham hisoblanadi. Mullajonov 2023-yilgi Jahon chempionati bronza medali sovrindori bo‘lgan.
Izoh (0)