Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi O‘sh viloyatidagi qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasida O‘zbekiston tomonidan berilgan ikkita yer uchastkasini davlat mulkiga qabul qilish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.

Birinchi uchastka 100 gektar bo‘lib, Qorasuv tumanida 312/4 va 312/6-raqamli chegara punktlari oralig‘ida joylashgan. Ikkinchi uchastkaning maydoni esa 198,44 gektar. U Aravan tumanidagi 324 va 328-raqamli punktlar oralig‘ida joylashgan.
Yuqoridagi qarorlar 2022-yil 3-noyabrda Bishkekda imzolangan “Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida davlat chegarasining ayrim qismlari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirish doirasida qabul qilingan.
Qirg‘iziston tomoni bir oy ichida ushbu maydonlarni xatlovdan o‘tkazib, davlat ro‘yxatiga oladi. Qorasuv va Aravan tumanlari hokimliklari yer maydonlarini Qorasuv hamda Kerme-Too‘ okruglariga bepul foydalanishga topshirib, ulardan maqsadli foydalanishni ta’minlaydi.
Qarorni amalga oshirish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish mahalliy byudjetlar hisobidan amalga oshiriladi. Shuningdek, davlat chegarasini demarkatsiya qilish jarayoni yakunlangach, ma’muriy chegaralarning yangi xaritasi tayyorlanadi va hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritiladi. Qaror yetti kundan keyin kuchga kiradi.
Izoh (0)