FX kanalining yapon tarixiy dramasi “Syogun” 25 ta “Emmi” nominatsiyasi bilan rekord o‘rnatdi. Taqdirlash marosimi sentyabr oyida bo‘lib o‘tadi. Gap Jeyms Klavellning shu nomli romanining filmga moslashtirilgan seriali haqida ketmoqda.
Klavell qalamiga mansub o‘rta asrlarda yashagan ingliz uchuvchisining Yaponiyadagi sarguzashtlari tasvirlangan ming sahifali romani birinchi marta 1980-yilda NBC telekanali tomonidan ekranlashtirilgan. Serial shov-shuvga aylandi, chunki 1980-yillarda Yaponiya G‘arb tomoshabinlari uchun ekzotik edi: naqshli kimonolar, o‘z joniga qasd qilish odati — seppuku marosimini hurmat qiladigan qahramonlar tomoshabinlarni hayajonga soldi va qo‘rqitdi. Hikoya asosini Richard Chemberlen ijro etgan uchuvchi Jon Blektorn va Yoko Simada o‘ynagan yapon aristokrati Mariko xonim o‘rtasidagi sevgi haqidagi romantik voqea tashkil etdi. 1980-yilgi serial 12 ta “Emmi” nominatsiyasiga sazovor bo‘lgan. Ammo o‘sha paytdagi “Syogun” G‘arb jamoatchiligi tomonidan hayrat bilan qabul qilingan bo‘lsa-da, Yaponiyaning o‘zida norozilikka sabab bo‘lgan. Yaponlar serialda o‘zlarining mamlakati haqida noto‘g‘ri stereotiplardan foydalanishgan, degan xulosaga keldi. Vaziyatni hatto film Gollivud studiyasida emas, balki Yaponiyada suratga olingani va syogun rolini taniqli yapon aktyori Toshiru Mifune o‘ynagani ham yaxshilamadi. Ehtimol, yaponlarga yovuz samuraylar kadrda sarosimaga tushgan yevropaliklarga qo‘rqinchli to‘ng‘illagani va har safar qilichlarini ushlaganlarida “madaniyatlilar” ko‘z o‘ngida yovvoyilardek ko‘ringani uchun filmni yoqtirmagandir.
Yangi “Syogun” mualliflari Reychel Kondo va Jastin Marks filmga bo‘lgan rakursni o‘zgartirdi — yangi serialda Jon Blektorn (Kosmo Jarvis) endi markaziy qahramon va “sirli yapon ruhini” tushunadigan oq tanli emas, balki bosh obrazlardan biri xolos.
Blektornning hikoyasi 1598-yilda gollandiyaliklar Yangi dunyodagi ispan va portugal mulklariga yetib borish uchun beshta kemani jihozlaganlaridan boshlanadi. Katolik Ispaniya 40 yil davomida protestant Gollandiya bilan urush olib boradi, ammo ispan dengizchilari Magellan bo‘g‘ozini sir saqlashga muvaffaq bo‘lishadi. “Erazm” kemasidagi ingliz uchuvchisi Blektornning qo‘liga bo‘g‘oz belgilangan xarita tushadi va u kapitanni shu yo‘ldan borishga ishontiradi. Ammo “Erazm” bo‘ronlar sabab charchagan ekipaj va kasallikdan aziyat chekayotgan dengizchilar bilan noma’lum Yaponiya qirg‘oqlariga yetib boradi. Blektorn va omon qolgan ekipaj a’zolari yomg‘irdan qochib do‘lga tutiladi, chunki sarkarda Yabushige ularga mahbusdek munosabatda bo‘ladi.
Aynan o‘sha paytda Blektorn ayyor portugal katoliklari tomonidan Yaponiya mohiyatan protektoratga aylantirilganini bilib oladi. Ular o‘z dinlarini mamlakatga yashirincha singdirmoqda, hatto inglizlarga tayinlangan tarjimon Mariko xonim ham nasroniy. Blektorn qudratli sarkarda Toranaga portugaliyaliklar undan yashirayotgan dengiz savdosi bilan bog‘liq ishlarning haqiqiy holatini yetkazishga va bu sohada yangi o‘yinchilarni aniqlashga harakat qiladi.
Keksa imperator vafotidan keyin mamlakatni yosh merosxo‘r bilan Kengash boshqaradi. Toranaga ham Kengash a’zosi, ammo undagi hokimiyatni shafqatsiz qo‘mondon Ishido tortib olgan, u o‘z poytaxti Osakada zodagon oilalar vakillarini garovga olgan. Ishidoning avtokratiyasiga chek qo‘yish va mamlakatni birlashtirish uchun marhum imperatorning do‘sti va uzoq vaqtdan beri maslahatchisi bo‘lgan Toranaga syogunga aylanishi kerak, ya’ni qonli fuqarolar to‘qnashuvini qo‘zg‘atib, hokimiyatni harbiy yo‘l bilan egallashi lozim — lekin u bunday qilishni xohlamaydi. U eng oliy jasorat hokimiyatni egallash emas, balki qon to‘kmaslik deb biladi.
Eski serial bilan solishtirganda, yangi filmda Mariko xonimning qahramoni ajralib turadi — tarjimon qiz Toranaga zodagonlar oilasining merosxo‘ri ekanligini, uning vakillari isyon uchun qatl etilganini va uning o‘z maqsadlari borligini darhol tushunmaysiz. Serialda boshqa qahramonlar ham katta ahamiyatga ega: yosh merosxo‘rning onasi Ochiba, ayyor xushmuomala Kiku va fohishaxona egasi Jin shular jumlasidan.
Umuman olganda, yangi “Syogun” hayajonli hikoyalar to‘plamidir, filmda u yoki bu qahramon tomoshabinga o‘z hikoyasini aytib berish uchun birinchi o‘ringa chiqadi. Bu yerda asosiy mavzu hokimiyat uchun kurash emas, balki qahramonlarning sof yapon fidoyilik va jasorat tushunchalariga muvofiq yashash istagi. Yaponiyaliklarning samuray sharafi uchun o‘zlarini qurbon qilishga doimo tayyorligini Anjin dastlab tushunmaydi. U sha’ni poymol qilingandek bo‘lgan bir paytda o‘z joniga qasd qilishga tayyor bo‘lgan Yabushigega hayrat bilan qaraydi.
Ushbu serialda ikkita tamoyil to‘qnash keladi: pragmatik G‘arb ongi hamda Sharqona sodiqlik va burch g‘oyasi. Bu yerda gap taxtni egallash emas — Toranaga syogun bo‘lishni xohlamaydi. Biroq bu tarixiy daqiqada mamlakatni faqat syogun hukmronligi ostida birlashtirish mumkinligi aniq bo‘ladi.
Izoh (0)