So‘nggi uch yilda (2022—2024) Qirg‘izistonda jon boshiga daromad o‘sishi qariyb ikki barobarga oshgan hamda bu Markaziy Osiyoda eng yuqori ko‘rsatkich. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning hisobotida qayd etilgan.

Hisobotda keltirilishicha, Qirg‘izistonda so‘nggi uch yilda iqtisodiy o‘sish har yili 9 foizdan shakllangan. Jon boshiga daromadlar esa 85 foizga o‘sib, 2 500 dollarga yetgan. Taqqoslash uchun bu davrda jon boshiga daromad Tojikistonda 49 foizga, Qozog‘istonda 42 foizga hamda O‘zbekistonda 37 foizga o‘sgan.
Joriy yilning birinchi choragida o‘sish yanada tezlashib 13,1 foizga yetgan. XVJ joriy yilda iqtisodiy o‘sish 6,8 foizni tashkil etishini o‘rta muddatda esa o‘sish 5,25 foizgacha sekinlashishini prognoz qilmoqda.
Iqtisodiy tahlilchi Mirkomil Xolboyev yozishicha, agar Qirg‘izistonda iqtisodiy o‘sish shunday suratlarda davom etsa, jon boshiga daromad bo‘yicha O‘zbekistonga yetib oladi.
“Agar so‘nggi uch yildagi (dollardagi) o‘rtacha o‘sish davom etsa, Unda Qirg‘iziston 2026-yilda jon boshiga daromad bo‘yicha mamlakatimizga deyarli yetib oladi, 2027-yildan esa o‘rtacha qirg‘izistonlik o‘rtacha o‘zbekistonlikdan boyroq bo‘ladi. 2030-yilga borib Qirg‘izistonda jon boshiga daromad O‘zbekistonga nisbatan 1,5 barobarga yuqoriroq bo‘lishi mumkin”, deya yozgan u.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston so‘nggi uch yilda jon boshiga daromadi bo‘yicha dunyoning eng tez o‘sgan mamlakatlaridan biri bo‘lgan.

Grafikda 2024-yildagi jon boshiga daromadning (YIM) 2021-yilga nisbatan o‘zgarishi keltirilgan. Bu davrda jon boshiga daromad Guyanada (Janubiy Amerikadagi kichik davlat) 3 barobarga (yangi neft konlarida neft qazib olishning oshirilishi evaziga), Armanistonda 81,4 foizga hamda Gruziyada 80,8 foizga o‘sib, Qirg‘izistondan yuqori shakllangan.
Shuningdek, Tojikiston ham jon boshiga daromadi o‘sishi bo‘yicha yuqori 10 talikdagi davlatlar safiga kirgan.
“Mintaqaviy vaziyat bunday yuqori o‘sishga sabab bo‘layotgan bo‘lsa-da, qo‘shnilarimizda bunday yuqori o‘sish kuzatilayotgani biz uchun judayam ijobiy tendensiya”, deya xulosa qilgan iqtisodiy tahlilchi.
Boshqa bir iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov Qirg‘izistonda daromadlar o‘sishi tezlashganini izohlab, bu qattiqqo‘l hokimiyat va Ukrainadagi urush effekti ekanini aytib, bir qancha omillarni sanab o‘tgan.
“Qirg‘izistonda daromadlar o‘sishi tezlashgani ko‘p omillarga bog‘liq. Ulardan muhimi 2021-yilda hokimiyatga kelgan Japarov va Tashiyev ma’muriyati yuritayotgan qayta markazlashtirish siyosati bilan bog‘liq. Yangi qattiqqo‘l hokimiyat byudjet, soliq va bojxona teshiklarini yopdi, qo‘ldan chiqqan kon va aktivlarni milliylashtirdi, kriminal avtoritetlarni yo‘q qildi.
Ya’ni 30 yillik anarxiyaga barham berildi, tarqoqlik o‘rnini siyosiy, iqtisodiy, moliyaviy konsentratsiya egallay boshladi, davlat kuch ishlatish monopoliyasini o‘ziga qaytardi. Tabiiyki, davlat byudjeti 4 yilda 3 karra oshdi, davlat ijtimoiy funksiyasini bajara boshladi (aholi daromadlar o‘sishining asosiy manbai).
Lekin bu jarayon qancha davom etadi, juda savolli. Japarov Qirg‘izistoni Karimovning 90-yillar o‘rtasidagi xatosini takrorlasa, ya’ni qattiqlashuvni davom ettirsa, o‘sish sekinlashadi. Iqtisodiyot anarxiyada kengaymaydi, lekin diktaturada ham, agar bu nepotizm va kleptokratik belgilar bilan yuz bersa, o‘sish sekinlashadi, vaqt o‘tib to‘xtaydi”, deb yozgan u.

Otabek Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalardan “unumli” foydalangan.
“Ikkinchi muhim omil bu Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan kiritilgan sanksion cheklovlardan ‘unumli’ foydalanish bilan bog‘liq. YOIIning a’zosi sifatida aytish mumkinki, Qirg‘iziston Rossiya uchun parallel importning muhim xabiga aylandi. Gruziyadan tortib Yevropagacha marshrutlarda, avtomobillardan tortib texnika va uskunalarning Qirg‘izistonga import qilinib, Rossiyada qo‘nim topishi oxirgi yillarda hech kimni hayron qoldirmay qo‘ydi.
Agarda AQSHda demokratlar g‘olib bo‘lganida, ikkilamchi sanksiyalar qo‘llaniladigan birinchi davlat Qirg‘iziston bo‘lishi mumkin edi. Nima bo‘lgandayam, qardoshlar 3 yil davomida o‘ta ustomonlik bilan vaziyatdan foydalanishdi, urushning tumanlari ularni benefitsiarga aylantirdi. Lekin bu omil uzoqqa cho‘zilmasligi tobora oydinlashmoqda”, degan u.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston yalpi ichki mahsuloti 2023-yil dekabr holatiga ko‘ra 13,99 milliard dollarni tashkil etgan. 2023-yilda aholi jon boshiga YIM 1269 AQSH dollarini tashkil etgan edi.
2024-yilning oktyabr oyidagi ko‘rsatkich bo‘yicha Qirg‘iziston aholisi 7 million 254 ming kishini tashkil qilgan. 2025-yilning 1-aprel holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37,7 mln kishini tashkil etgan.
Izoh (0)