Braziliya terma jamoasi va “Santos” klubi hujumchisi Neymar Yevropaga qaytishi mumkin. Fransiyaning “Marsel” klubi futbolchining transferi bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda Fichajes nashri xabar berdi.

Hozirda Neymar Braziliyaning “Santos” klubida to‘p surmoqda. Biroq jamoaning qoniqarsiz natijalari, raqobat darajasining pastligi va motivatsiya yetishmasligi tufayli u Yevropaga qaytishni istamoqda. “Marsel” klubi esa hujumchini qo‘lga kiritish maqsadida uning vakillari bilan bog‘langan.
Neymar “Marsel” taklifini jiddiy ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Sababi, u 2026-yil AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga optimal sport formasida yetib borishni istaydi. Bu omil futbolchining qaroriga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Avvalroq ommaviy axborot vositalarida Neymarga Yevropaning boshqa klublari ham qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Xususan, Turkiyaning “Galatasaroy” hamda Germaniyaning “Bavariya” klublari futbolchining xizmatlariga qiziqish bildirgan, biroq bu transferlar yakunda amalga oshmadi.
Eslatib o‘tamiz, Neymar qishki transfer oynasida Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubidan erkin agent sifatida “Santos”ga o‘tgan edi. Bungacha u “Barselona” va Fransiyaning boshqa yetakchi klubi — “PSJ” safida to‘p surgan.
Ma’lumot o‘rnida, Neymar joriy mavsum Braziliya chempionati doirasida jami 18 o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol urgan va 3 ta golli uzatma amalga oshirgan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 12 million yevroga baholamoqda.
Izoh (0)