Madridning “Real” klubi futbolchilari yaqin kunlarda yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlaydi. Goal nashrining xabariga ko‘ra, klubning yangi hujumkor yarim himoyachisi Franko Mastantuono dastlab asosiy jamoa bilan mashg‘ulotlarda ishtirok eta olmaydi.

Bunga sabab — Ispaniya qonunchiligi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, Mastantuono 18 yoshga to‘lmaguncha “Real”ning asosiy tarkibi bilan rasmiy tarzda shug‘ullanishi mumkin emas. Shu sababli, u 14-avgustga qadar, ya’ni voyaga yetish sanasigacha individual mashg‘ulotlar olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, Franko Mastantuono “Real Madrid”ga Argentinaning “River Pleyt” klubidan transfer qilingan edi. Matbuot xabarlariga ko‘ra, “qirollik klubi” bu transfer uchun 45 million yevro to‘lagan.
Qayd etish joiz, iyun oyida Mastantuono Argentina milliy jamoasida debyut qilgan va jahon futbolining eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Ma’lumot uchun, futbolchi o‘tgan mavsum “River Pleyt” safida jami 22 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol va 4 ta assist muallifi bo‘lgan. Transfermarkt portali Frankoning bozor qiymatini 30 million yevro deb baholagan.
Izoh (0)