O‘zbekistonda nasiya bozorini davlat tomonidan tartibga solish taklif qilinmoqda. Bu haqda 26-iyun kuni bo‘lib o‘tgan Senat yig‘ilishida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov maʼlum qildi.

U nasiya savdo aholi qarz yukini hisoblashda noaniqliklarni yuzaga keltirayotganini aytib, tizimni davlat nazoratga olishi zarurligini taʼkidladi.
“Nasiya savdo orqali tovar va xizmatlar pulini bo‘lib to‘lash ommalashmoqda. 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, nasiya savdo bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning jami portfeli 8,5 trillion so‘mni tashkil etgan. Shundan 26 foizi litsenziya asosida faoliyat yurituvchi ikkita mikromoliya tashkiloti, 7 foizi tijorat banklari, qolgan 67 foizi tadbirkorlik subyektlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Nasiya savdo shartnomalarida ustama haqi yoki real effektiv foiz stavkasi aniq ko‘rsatilmaydi. Bu mijozlarda qarz yuki haddan tashqari oshib ketishi, banklar yoki mikromoliya tashkilotlaridan olingan qarzlar vaqtida qaytarilmasligi sabab muammoli kreditlar ko‘payishi xatarlarini yuzaga keltirmoqda”, dedi regulyator rahbari.

Mamlakatda fuqaroga kredit ajratishda uning qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foizdan oshirilishi man etilgan. Timur Ishmetovning aytishicha, bankda kredit olish uchun murojaat qilgan odamning nasiya savdo bo‘yicha qarzlari to‘g‘risida maʼlumot bo‘lmaydi. Oqibatda banklarda belgilangan qarz yuki doirasidan ortiqcha ravishda kreditlar ajratishi kuzatilmoqda. Shundan kelib chiqib Markaziy bank tomonidan nasiya savdo bozorini tartibga solish bo‘yicha zarur normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishi kutilmoqda.
“Nasiya savdo aholi qarz yuki meʼyorlari bajarilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Shuning uchun ham nasiya bozorini davlat tomonidan tartibga solish taklifi bilan chiqyapmiz. Nasiya bozoridagi biznesga hech qanday qarshiligimiz yo‘q. Bunda nasiya savdo tashkilotlari odamlarga qarz berayotganda maʼlumotlarni majburiy tarzda kredit byurosiga yetkazishi, sotilgan mahsulot ustiga qo‘yilgan ustama oshkor qilinishi kabi talablarni qonunchilikka kiritish taklif etilyapti. Albatta, gap kichik summalar haqida bo‘lganda xavotirga o‘rin qolmasdi. Lekin aytganimdek, 8,5 trillion so‘m katta raqam. Bu miqdor yildan yilga karrasiga oshib borishi prognoz qilingan”, dedi Markaziy bank raisi.

Avvalroq O‘zbekistondagi nasiya bozori tahlili eʼlon qilgandi. Qayd etilishicha, mazkur bozorda qarzga sotilgan mahsulotning umumiy qiymatiga 27,3 foizdan 44,3 foizgacha (o‘rtacha 39,6 foiz) ustama qo‘shiladi. Tanlangan tovar bank kreditidan 14–23 foizga qimmatroq bo‘ladi.
Izoh (0)