Ukraina rus yadroviy triadasining muhim elementi hisoblangan hamda to‘rtinchi yilki davom etayotgan urushda faol qo‘llanilayotgan strategik bombardimonchilar flotini nishonga oldi. Zelenskiy taʼbiri bilan aytganda, tarix darsliklariga kiritiladigan amaliyotga “O‘rgimchak to‘ri” deb nom berildi. Yashirincha yig‘ilib, yuk mashinasi konteynerlarida strategik aerodromlar yaqiniga olib borilgan hamda masofadan ishga tushgan dronlar ochiq osmon ostida turgan qimmatbaho samolyotlarni birma-bir nishonga oldi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, hujumda 117 ta dron qo‘llanilgan. Buning natijasida qancha samolyot yo‘q qilingani yoki shikastlangani nomaʼlum. Biroq amaliyot rus strategik aviatsiyasiga uzoq muddatli taʼsir ko‘rsatishi turgan gap.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining dastlabki bayonotiga ko‘ra, jami 41 ta samolyot nishonga olingan. Mamlakat Milliy xavfsizlik va Mudofaa kengashi rasmiysi Andrey Kovalenko esa kamida 13 ta havo borti yo‘q qilinganini taʼkidladi. Raqamlar tovushdan tez uchuvchi Tu-22M3 hamda Tu-95MS turbovintli bombardimonchisi, shuningdek A-50 erta ogohlantirish va nazorat (AEW&C) samolyotlarini o‘z ichiga oladi.
Biroq yanada zamonaviyroq aktiv hisoblangan Tu-160 Blackjack uzoq masofali tovushdan tez bombardimonchisining yo‘q qilingani haqidagi iddaolar vizual tasdig‘ini topmadi. U Rossiya strategik aviatsiyasining marvaridi bo‘lib, juda cheklangan miqyosda bo‘lsa-da, ishlab chiqarilayotgan yagona rus bombardimonchisi hisoblanadi.
Voqeadan ko‘p o‘tmay, Ukraina dronlari tomonidan nishonga olingan 4 ta aerodromning sunʼiy yo‘ldosh tasvirlari paydo bo‘ldi. OSINT tahlilchilari ularning ikkitasini, jumladan Belaya havo bazasini o‘rganib, uchta Tu-95MS bombardimonchisi yo‘q qilingani, yana bittasi esa shikastlanganini aniqladi. Bundan tashqari, 4 ta Tu-22M3 samolyotlari ham safdan chiqarilgan bo‘lishi mumkin. Mazkur aerodrom Irkutskda joylashgan bo‘lib, frontdan bu yergacha masofa qariyb 5 ming kilometrni tashkil etadi.

Murmanskdagi Olenya havo bazasi bilan esa bu ko‘rsatkich 1 800 kilometrni tashkil etadi. Tahlilchilar mazkur aerodromning sunʼiy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganib, bu yerda 4 ta Tu-95MS bombardimonchisi hamda An-22 transport samolyoti yo‘q qilingani haqida xulosa berdi.

Yuqorida sanab o‘tilganlardan tashqari, Dyagilevo and Ivanovo aerodromlari ham nishonga olindi. Ulardan birinchisi uzoq masofali aviatsiya uchun baza bo‘lib, asosan A-50 erta ogohlantirish va nazorat (AEW&C) samolyotlari saqlanadi. Biroq ularga hujum oqibatlari aks etgan tasvirlar hozircha mavjud emas.
Keyinroq maʼlum bo‘lgan tafsilotlarga ko‘ra, Ukraina xavfsizlik xizmati jami 5 ta aerodromni nishonga olgan. Biroq Amur viloyatida dronlar uchirish uchun foydalanilgan yuk mashinalaridan biri manzilga yetmay, nosozlik yuz bergan. Tarmoqlarda paydo bo‘lgan tasvirlarda yonayotgan yuk mashinasi aks etgan.

Ukraina xavfsizlik xizmati amaliyot natijasida Rossiya strategik aviatsiyasiga yetkazilgan zararni 7 milliard dollarga baholadi. Katta ehtimol bilan ular safdan chiqarilgani daʼvo qilingan 41 ta havo bortining hisobini olgan. Biroq sunʼiy yo‘ldosh tasvirlari mazkur iddao haqiqatga mos kelmasligini ko‘rsatmoqda.
Ammo hozircha vizual tasdiqlangan 13 ta samolyot ham yo‘qotishlar ko‘lami naqadar yirikligini ko‘rsatadi. Boisi Tu-95MS 60 million dollar, Tu-22M3 esa 100 million dollarga baholanadi. Lekin asosiy masala ularning narxida emas, balki bebaho ekanida. Gap shundaki, yuqorida sanab o‘tilgan ikki model Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan. Hozir ularni yana konveyerga qo‘yish uchun texnologik liniya yo‘q.
-ilrd2Ral.avif)
Yaʼni ruslarda yo‘qotishlarni kompensatsiya qilish uchun o‘rinbosar mavjud emas. Zaxiradagi samolyotlarni xizmatga qaytarish esa deyarli imkonsiz. Boisi ular uzoq yillardan buyon ochiq osmon ostida yotibdi. Texnologik zanjir uzilgani bois ularning ehtiyot qismlari xizmatdagi samolyotlar uchun yechib olingani ehtimoldan yiroq emas.
Sanksiyalar bosimi ostidagi Rossiya harbiy sanoati ishlab chiqara oladigan yagona strategik bombardimonchi Tu-160 hisoblanadi. Biroq ishlab chiqarish ko‘lami strategik aviatsiyada hosil bo‘lgan bo‘shliqni yaqin istiqbolda to‘ldirishi imkonsiz. Tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ko‘ra, bir yilda atigi bitta samolyot konveyerdan chiqadi. Shundan keyin ham ularni xizmatga zudlik bilan qabul qilish imkonsiz. Boisi uzoq davom etadigan sinov jarayonlari mavjud.

2024-yilgi maʼlumotlarga tayanilsa, Rossiya qurolli kuchlari ixtiyorida 60 ta Tu-95 hamda 57 ta Tu-22 bombardimonchilari bo‘lgan. Nazariy jihatdan Ukraina yetkazgan talafot Rossiyani strategik zarba berish salohiyatidan mahrum qilmaydi. Biroq turli norasmiy hisobotlarda keltirilgan raqamlarning aniqligi savol ostida. Qolaversa, inventarda turish va jangovar shay holatda bo‘lish o‘rtasida farq bor. Bularning bari Ukraina shaharlariga zarbalar intensivligini pasaytirishi mumkin. Boisi havo hujumlarida keng qo‘llaniladigan qanotli va ballistik raketalarning aksariyatini aynan shu bombardimonchilar tashir edi.
Yo‘q qilingan samolyotlar haqida
Tu-95 Rossiya Aerokosmik kuchlarida xizmat qilayotgan eng eski samolyotlardan hisoblanadi. Yadro urushi sharoitida ommaviy qirg‘in qurollarini tashishga mo‘ljallangan havo borti ilk parvozini 1950-yillarda amalga oshirgan. Shunga qaramay, u bir necha modernizatsiya bosqichlarini boshdan kechirib, hanuz parvoz qilmoqda.
Samolyot uzunligi 46,2 metrni, qanotlari kengligi esa 50,04 metrni tashkil qiladi. Ekipaj 6-7 kishidan iborat. Uni qarama-qarshi tarafga aylanuvchi ikki juft turbovintli dvigatellar havoga ko‘taradi. Tu-95 ularning sharofati bilan 920 km/soat tezlikka erishishi, 15 ming km masofani bosib o‘tishi mumkin. Ruslar uni Tu-95MS darajasida modernizatsiyadan o‘tkazib, X-55 (Kh-55), X-101 (Kh-101) kabi qanotli raketalarni uchirishda foydalanmoqda.
“Tu-95MSʼning narxini pulda o‘lchab bo‘lmaydi. Bu samolyot Rossiya harbiy havo kuchlari uchun strategik jihatdan o‘ta muhim. Ammo uni yo‘qotish — bu o‘rni to‘lmas talafotdir”, deydi rossiyalik aviatsiya eksperti Pyotr Butovskiy mazkur modeldagi samolyotlar ortiq ishlab chiqarilmasligiga shama qilib.
Hozirda ushbu samolyotning eng so‘nggi modifikatsiyasi zamonaviylashtirilgan, yangi avionika va raketa komplekslari bilan jihozlangan Tu-95MSM hisoblanadi.
Tu-22M3
Sovuq urush davridagi ashaddiy raqobatning mahsuli hisoblangan yana bir samolyot Tu-22M3 hisoblanadi. U ham Tu-95 kabi uzoq masofali bombardimonchi hisoblansa-da, reaktiv dvigatel yordamida parvoz qiladi. Samolyot ilk bor 1959-yili havoga ko‘tarilgan. Bir juft NK-25 turboreaktiv dvigatellari sharofati bilan u maksimal tezligini 2,000 km/soatga yetkazishi, 13,300 m balandlikka ko‘tarilishi mumkin.
Samolyotni modernizatsiya qilish SSSR davridayoq boshlangan. Rossiya qurolli kuchlari faol qo‘llayotgan Tu-22M3 modifikatsiyasi o‘zining debyut parvozini 1977-yili amalga oshirgan. Shundan buyon u ikkala Chechen urushlari, Gruziyaga bosqin, Suriyada qurolli muxolifatga qarshi amaliyotlar va Ukrainaga qarshi janglarda xizmat qilgan va qilmoqda. Ulardan asosan X-32 qanotli raketalarini uchirishda foydalanilyapti.
2024-yilning 19-aprel kuni mazkur modeldagi samolyotlardan biri Ukraina kuchlari tomonidan tarixda ilk bor uzoq masofali zenit raketa tizimi bilan urib tushirilgandi. O‘sha yilning 15-avgust kuni yana bir bombardimonchi halokatga uchradi. Rus rasmiylari hodisaga texnik nosozlikni sabab qilib ko‘rsatgan.
A-50
“O‘rgimchak to‘ri” amaliyotidan Rossiya aerodromlarida olingan sunʼiy yo‘ldosh tasvirlarida mazkur modeldagi samolyot ko‘rinmaydi. Biroq Telegraph nashri jamoatchilikka ochiqlanmagan kadrlar bilan tanishganini, tahririyatda A-50 samolyoti ham yo‘q qilinganini tasdiqlovchi dalil borligini yozib chiqdi. Keyinroq esa Ukraina xavfsizlik xizmati amaliyot natijalari aks etgan tasvirlarni e'lon qildi. Unda chindan ham bir juft A-50 samolyotlariga zarba berilganini ko'rish mumkin. Biroq hujum natijasi aks etgan biror dalil yo'q.
Nima qilgan taqdirda ham, bu turdagi samolyotlar yuqorida sanab o‘tilgan har ikki bombardimonchidan qimmatroq va kamyobroq hisoblanadi. Boisi Rossiya keng ko‘lamli urushni taxminan 10 ta A-50 samolyoti bilan boshlagan. Ukraina mudofaachilari esa ularning ikkitasini allaqachon urib tushirgan, yana biriga esa shikast yetkazgan edi. Yana bitta samolyotning safdan chiqarilishi rus armiyasining razvedka hamda vaziyatni baholash imkoniyatlarini keskin kamaytiradi.
Boisi u 600 km masofada raqibning havo hamda quruqlikdagi nishonlarini aniqlashi mumkin bo‘lgan, qolaversa yuqori aniqlikdagi qanotli va ballistik raketalarni mo‘ljalga yo‘naltiradigan qimmatbaho aktivdir. Harbiy aviatsiya tilida A-50 ni “osmondagi qo‘mondonlik markazi” yoxud “qanotli radar stansiyasi” deb atashadi.
Il-76MD harbiy transport samolyoti bazasiga asoslangan va 1984-yili rasman xizmatga kirgan samolyot ortiq ishlab chiqarilmaydi. Rossiya mudofaa vazirligiga yaqin ekani aytiladigan sobiq uchuvchining Fighterbomber blogiga ishonilsa, A-50 ning o‘rnini bosish uchun ishlab chiqarilayotgan A-100 loyihasi yopilgan bo‘lishi mumkin. Bunga texnologik murakkablik, sanksiyalar yoxud moliyaviy muammolar sabab ekani taxmin qilinmoqda.

Ukraina xavfsizlik xizmatining mazkur amaliyoti rus strategik aviatsiyasiga misli ko‘rilmagan zarar yetkazdi. Yuqorida qayd etilganidek, bu moliyaviy qiymat bilangina emas, balki reputatsiya va yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirib bo‘lmasligi bilan izohlanadi.
Izoh (0)