Qirg‘izistonda Jogorku Kenesh deputatlariga ta’tilga qadar xorijiy va ichki xizmat safarlariga chiqish taqiqlandi. Bu haqda spiker Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘liga tayanib 24.kg xabar berdi.

Spiker sessiya tugashiga atigi oltita majlis qolganini aytdi. Palament sessiyasi 26-iyun kuni yakunlanadi.
Keyin ikki oy ta’til bo‘ladi: bir oy — saylovchilar bilan uchrashuvlar, bir oy — ta’til. Shuning uchun, hurmatli deputatlar, ayniqsa, fraksiya va deputatlar guruhlari rahbarlari, qo‘mita raislari, barcha xorijiy va ichki xizmat safarlarini, hatto taklif etayotgan tomon to‘laydigan xizmat safarlarini ham bekor qiling.
Hech kimga ruxsat berilmaydi. Xafa bo‘lmang. Bizda juda muhim qonun loyihalari bor, kvorum bo‘lishi kerak, degan Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li.
Ma’lumot o‘rnida, 2024-yil iyun oyida ham qirg‘izistonlik deputatlarga safarga chiqish taqiqlangan edi. Deputatlar fuqarolar uchun muhim qonun loyihalarini qabul qilishi bunga sabab qilib ko‘rsatilgandi. Juda muhim xizmat safarlariga faqat bir-ikki kishi borishi mumkin bo‘lgan.
Kvorum — bu yig‘ilish yoki majlis o‘tkazish uchun kerak bo‘lgan eng kam ishtirokchilar soni. Agar belgilangan kvorum to‘plansa, majlis o‘z ishini boshlashi va rasmiy qarorlar qabul qilishi mumkin. Agar kvorum yetarli bo‘lmasa, majlis o‘tkazilmaydi yoki hech qanday qaror kuchga ega bo‘lmaydi.
Izoh (0)