Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning aytishicha, NATO barqarorlikni saqlash bo‘yicha asosiy yo‘nalishidan uzoqlashgan. Uning fikricha, ittifoqni tinch loyiha sifatida saqlab qolishga harakat qilish kerak.
“Jahon tarixidagi eng muvaffaqiyatli harbiy ittifoq tinchlik loyihasi sifatida boshlangan va uning kelajakdagi muvaffaqiyati tinchlikni saqlash vazifasiga bog‘liq. Ammo bugun tinchlik o‘rniga urush istagi kun tartibida, mudofaa o‘rniga hujum bosh g‘oyaga aylangan”, deb yozadi Viktor Orban Amerikaning Newsweek nashridagi maqolada.
Orban 1999-yilda Vengriyaning NATOga qo‘shilishini mamlakat tarixidagi eng muhim voqealardan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda Budapesht “sovet hukmronligidan xalos bo‘lib, G‘arbga qo'shilgan”, shuningdek, “urush olib borishni emas, balki tinchlikni saqlashni” maqsad qilgan uyushmaga a’zo bo‘lgan.
Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, Vengriyaning alyans tarkibida qolishi mamlakat uchun zarur, shu bilan birga, blok dastlabki vazifalariga qaytish kerak. Bularga barqarorlikni saqlash, iqtisodiy rivojlanish va “tashqi subyektlarni tinchlantirish” kiradi.
Kecha, 5-iyul kuni Viktor Orban Moskvaga keldi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bundan avval, 2-iyul kuni u Kiyevda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bosh vazir Rossiya—Ukraina mojarosini tartibga solishni muhokama qildi.
Izoh (0)