Joriy yilning iyun oyi davomida davlat byudjetining daromadlari 23,2 trln so‘mni, xarajatlari esa 27,9 trln so‘mni tashkil etgan. Iyul oyidagi davlat byudjetidagi defitsit — 4,6 trillion so‘m. Bundan tashqari, iqtisodchi Otabek Bakirov 2024-yil yarim yillik yakunlari bo‘yicha davlat byudjeti daromadlari 115,8 trln so‘mni, xarajatlari esa 149,8 trln so‘mni tashkil qilganini yozib, yarim yillikdagi jami davlat byudjetidagi defitsit 34 trln so‘m ekanligini tahlil qildi. Xo‘sh, nega davlat byudjetida bunday miqdorda defitsit shakllanmoqda?
“Daryo” ushbu savol bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuzlandi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, oyning dastlabki dekadasida kechiktirib bo‘lmaydigan birinchi darajali xarajatlar bo‘lgani va daromadlar esa oy davomida kelib tushganligi bois oyning dastlabki kunlarida byudjet xarajatlari daromadlariga nisbatan ko‘proq bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar—iyun oylarida Davlat byudjeti daromadlari 121,0 trln so‘mni, Davlat byudjeti xarajatlari 149,8 trln so‘mni, jumladan, iyun oyining dastlabki 10 kunligida Davlat byudjeti daromadlari 4,1 trln so‘mni, xarajatlari esa 13,2 trln so‘mni tashkil etdi.
Xususan iyun oyining birinchi dekadasida quyidagi xarajatlar amalga oshirildi.
- 7,9 trln so‘m – ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bo‘yicha;
- 2,5 trln so‘m – Pensiya jamg‘armasi uchun transfert va ijtimoiy nafaqalar to‘lash uchun;
- 730 mlrd so‘m – davlat qarzining so‘ndirish uchun;
- 340 mlrd so‘m – Davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlar.
Shu bilan birga iyun oyida umumta’lim maktablari o‘qituvchilari mavsumiy mehnat ta’tiliga chiqishlari sababli ularga ta’til pullarini to‘lash uchun 3,1 trln so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, oyning dastlabki dekadasida kechiktirib bo‘lmaydigan birinchi darajali xarajatlar amalga oshirilgan, daromadlar esa oy davomida kelib tushadi (qolgan oylarda ham ushbu holatni kuzatish mumkin), shuning natijasida oyning dastlabki kunlarida byudjet xarajatlari daromadlariga nisbatan ko‘proq bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Davlat byudjetiga daromadlarning tushishi oy davomida turli davrda bo‘ladi (jumladan, davlat byudjeti daromadlarida eng katta ulushga ega bo‘lgan foyda solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i har oyning 20-sanasidan kechiktirmay to‘lanadi).
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, byudjet taqchilligi “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq 2024-moliya yili uchun tasdiqlanadi va oylar kesimida shakllantirilmaydi. Shu sababli har oyning aniq sanasiga yoki oy yakunlari bilan byudjet taqchilligi qandaydir ko‘rsatkich bilan o‘lchanishi noto‘g‘ri tushuncha hisoblanadi.
“2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotning kutilayotgan prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 4 foiz miqdori tasdiqlangan bo‘lib, uning ijrosi ham yil yakunlari bo‘yicha aniqlanadi”, – deyilgan Moliya va iqtisodiyot vazirligi javobida.
“Daryo” iqtisodchi To‘lqin Boboqulovdan ham davlat byudjetidagi defitsitni tahlil qilib berishni so‘radi.
“Davlat byudjetida defitsit yuzaga kelayotganing asosiy sababi – xarajatlarni qoplash uchun davlat byudjetiga daromadlar yetarli darajada kelib tushmayapti. Yaʼni soliqlar tushumi kam. Hozir davlat byudjetida defitsit rekord darajaga ko‘tarildi. 2024-yilning birinchi choragida byudjet defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 7 foizni tashkil qildi. Defitsit biz kutganimizdan ham tez suratlarda oshib ketmoqda. Xo‘sh, byudjetdagi defitsitni qanday qisqartirish mumkin? Buning 3 ta yo‘li mavjud.
Birinchi yo‘l – davlat byudjetidagi xarajatlarni qisqartirish. Hozir davlat idoralarida shtatlarni qisqartirish jarayoni ketmoqda. Bu vaqtinchalik majburiy chora hisoblanadi. Lekin buning samarasi juda kam. Shu bilan birga hozir O‘zbekistonda ishsizlik eng og‘ir masala bo‘lib turibdi. Buni davlat rahbarining o‘zi ham aytmoqda. Ishsizlik masalasi og‘ir bir ahvolda bo‘lib turgan vaqtda, davlat idoralarida shtatlarni qisqartirmaslik kerak. Nima uchun? Chunki biz ularga ish topib bera olmaymiz va ishdan bo‘shatilgan insonlar ishsizlar safiga borib qo‘shiladi. Natijada, jamiyatda ijtimoiy norozilik kuchayadi.
Ikkinchi yo‘l – davlat byudjetiga daromadlarni ko‘paytirishimiz kerak. Daromad – bu soliqlar va davlatning qimmatli qog‘ozlari. Hozir qimmatli qog‘ozlarni sotish ham bizga ish bermaydi. Sababi, banklarda likvidlik muammosi bor.
Uchinchi yo‘l – davlatning pulini noqonuniy tarzda o‘zlashtirgan insonlardan o‘sha pullarni tortib olish kerak. Bu yo‘l ham effekt beradi. Misol uchun, Fransiya imperatori Napoleon Bonapart (1769-1821) davrida, bir kuni imperator Napoleon huzuriga Fransiya maxsus xizmatlari boshlig‘i Fushi kirib, bu vazirlaringiz davlat byudjetining pulini og‘irlashdi, deya hisobot beradi. Haqiqatdan vazirlar 70 million oltin frank miqdordagi byudjet pulini o‘g‘irlagan bo‘ladi. Shunda Napoleon o‘sha vazirlarning barchasini oldiga chaqirib, o‘g‘ri vazirlariga pulni qaytarish uchun 3 kun muhlat beradi. Vazirlar 70 million oltin frank miqdoridagi mablag‘ni qaytarib olib keladi. Bu pul Napoleonni butun Yevropa qitʼasidagi urush xarajatlarini qoplashga yetadi.
Ikkinchi misol, Qirg‘izistonning jami tashqi qarzi 6 milliard dollar. Yaqinda Qirg‘izistonda qonundagi o‘g‘ri Qamchibek Kolbayev otib o‘ldirildi. Undan davlat tomonidan tortib olingan mulkning hisobi esa 1 milliard dollarni tashkil qildi. Bizda ham shunday imkoniyat bor. O‘zbekistondan ham ofshor hududlarga chiqarilgan pullar tekshirilishi kerak. Noqonuniy yo‘llar bilan topilgan mablag‘lar aniqlanib, ortga qaytarilsa, bu mablag‘lar davlat byudjetidagi defitsitni qoplashga ancha yordam bergan bo‘lardi, — dedi To‘lqin Boboqulov.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat byudjetidagi defitsitni kamaytirish uchun byudjet tashkilotlaridagi maʼlum shtat-birliklarini qisqartirish ishlari amalga oshirilayotganini bildirdi.
“Byudjet intizomiga qat’iy rioya etilishini hamda ajratilgan byudjet mablag‘larining manzilli va maqsadli ishlatilishini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan tahliliy o‘rganishlar natijasida joriy yilda respublika bo‘yicha jami 6,7 ming shtat birligi qisqartirilishi hisobiga 475 mlrd so‘m mablag‘ maqbullashtirilib, mazkur bo‘shab qolgan mablag‘lar 2024-yilgi byudjet yoyilmasida alohida satrda ko‘zda tutildi”, – deydi vazirlik.
Iqtisodchi To‘lqin Boboqulovning fikricha, davlat byudjetidagi defitsitni kamaytirish uchun byudjet tashkilotlaridagi maʼlum shtat-birliklarini qisqartirish samara bermaydi.
“Hozir iqtisodiyot va moliya vazirini tushunaman, u byudjet defitsitini nima qilib bo‘lsa ham kamaytirishi kerak. Shuning uchun vazirga byudjet xarajatlarini qisqartirish maʼqul yo‘l bo‘lib ko‘rinmoqda. Lekin buning ijtimoiy oqibatlari bor. Hozirda ishsizlik muammosi bo‘lib turgan bir vaqtda, biz byudjet tashkilotlaridagi qisqartirishlar orqali ishsizlar sonini ko‘paytirmasligimiz kerak. Bu masalaga juda ehtiyot bo‘lib yondashish lozim. Hatto, o‘tgan haftada BMT mamlakatlarni ogohlantirib, raqamli texnologiyalarni joriy qilish ortidan million-million odam ko‘chada ishsiz qolayotganini taʼkidladi. Agar davlat byudjetidagi defitsit bu darajada oshib boraversa, oxir-oqibat davlat ijtimoiy xarajatlarni kamaytirishga majbur bo‘ladi”, – dedi iqtisodchi olim.
Ma’lumot o‘rnida, oldinroq iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulov O‘zbekistonning iqtisodiy ahvoli hamda muammolar haqida ham gapirib o'tgan edi.
Izoh (0)