DXX xodimlari tomonidan prokuratura va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan bog‘liq noqonuniy holatlar fosh etildi.
Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi, maxsus texnikalar bilan xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan MCHJ rahbari 2021-yilda ko‘p funksiyali burg‘ilash uskunasi olib kelish maqsadida Xitoy davlati kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi orqali shartnoma tuzgan hamda bankdan olgan 1 million 71 ming dollar miqdoridagi kredit mablag‘ini ushbu kompaniyaning hisob raqamiga o‘tkazib bergan.
Ammo shartnoma talablariga zid ravishda Xitoydan ko‘p funksiyali o‘rniga, bir funksiyali burg‘ilash uskunasi yuborilgan. Natijada, prokuratura organlari tomonidan xorijiy kompaniyaning O‘zbekistondagi vakillariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jizzax viloyati IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilgan.
Jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan ekspertizada mazkur uskuna ko‘p funksiyali ekani to‘g‘risida xulosa berilgan. Bundan norozi bo‘lgan tadbirkorga esa Toshkent shahrida yashovchi 55 yoshli shaxs o‘zining mansabdor tanishlari orqali uskunaning bir funksiyali ekani to‘g‘risida qayta ekspertiza tayinlatish bo‘yicha tergovchining qarorini chiqartirib, ekspertiza xulosasini uning foydasiga ijobiy hal qilib berishni taklif etadi va evaziga 155 ming dollar so‘raydi.
Ammo u 105 ming dollarni olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlangan. Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur shaxs ushbu masalani Toshkent shahar prokuraturasining maʼmuriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini taʼminlash bo‘limi katta prokurori hamda uning vositachisi bo‘lgan, Toshkent shahridagi sug‘urta markazi rahbari orqali hal qilishi kerakligi maʼlum bo‘lib, ular ham protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Surxondaryo viloyati prokuraturasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi katta prokurori viloyatdagi fermer xo‘jaliklariga tegishli bo‘lgan 280 gektar yer maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish bo‘yicha mahalliy MCHJ rahbariga buyurtmachi fermer xo‘jaliklar topishda va ular bilan shartnomalar tuzishda hamda MCHJning xizmati uchun bankdan pul mablag‘lari ajratilishida yordam berganini ro‘kach qilib, 28 ming dollar talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, katta prokuror oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyi yong‘inga qarshi profilaktikasi katta inspektori Yunusobod tumanida yangi qurilgan noturar binoga o‘rnatilgan yong‘in xavfsizlik tizimlarini qabul qilishda va binoning foydalanishga topshirilishi bo‘yicha ijobiy xulosa berilishida vakolatli hamkasbi orqali ko‘maklashish evaziga 12 ming dollar talab qilib, avvalroq 3 ming dollar olgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u 2,9 ming dollarni o‘zining hamkasbiga bergan vaqtida ushlangan.
Hozirda katta inspektorga nisbatan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, garov ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Bundan oldin Buxoroda advokat 100 ming dollar olayotganida qo‘lga tushgani, Samarqandda Favqulodda vaziyatlar bo‘limi inspektori 600 dollar pora bilan ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)