Erondagi prezidentlik saylovlarida islohotchilar nomzodi Mas’ud Pezeshkiyon g‘alaba qozondi va mamlakatning navbatdagi yetakchisiga aylandi. Bu haqda Eronning PressTV manbasi xabar berdi.
Unda aytilishicha, 5-iyul kuni hisoblangan ovozlar prezidentlik poygasiga uzil-kesil nuqta qo‘ygan. Fuqarolar tomonidan ikki ustun nomzod uchun jami 30,5 million ovoz berilgan. Shundan 16,384 million ovoz islohotlar tarafdori bo‘lgan Pezeshkiyon hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Uning raqibi, ultrakonservator Said Jaliliy 13,5 milliondan ortiq ovoz to‘plab, poygada ikkinchi o‘rinni band etgan. Jaliliyning tarafdorlari saylov oldida ancha faol bo‘lganiga qaramay, yakunda u ustunlikni yaqqol boy bergan.
Erondagi prezidentlik saylovlarida mamlakatdagi jami saylovchilarning 49,8 foizi ishtirok etgan. Mamlakatning 10 ga yaqin viloyatida aholining saylovlar jarayonida passiv ishtiroki kuzatilgan.
Pezeshkiyonning rejasi Eronni ichki va tashqi muhitga ochishni o‘z ichiga oladi. Yangi rahbar Tehron bugungi kunda tobora kuchayib borayotgan xalqaro izolyatsiya, ichki norozilik, spiral iqtisodiyot va xavfli raqib Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv muammolariga duch kelayotganini yaxshi tushunadi va bu sunʼiy tashqi ko‘rinishni o‘zgartirishni xohlaydi.
Saylovlar avvalida prezidentlik uchun Eronda 10 dan ortiq nomzod bor edi. Ammo saylov komissiyasi ularning ko‘pchiligini rad etdi. O‘ta o‘ng konservativ ruhdagi nomzodlardan farqli ravishda yangilikka o‘ch Pezeshkiyon aholi diqqat markaziga tushdi. Uning ustunligi shunda ediki, u ko‘p gapirilmaydigan ichki muammolarga urg‘u berdi.
Yangi rahbar Eron raqiblari bilan muloqotga kirishish g‘oyasini ilgari suradi. Bu muloqot hattoki o‘ta nozik hisoblangan yadro dasturi borasida ham bo‘lishi mumkin. Pezeshkiyon ushbu siyosatni mamlakat ichki muammolarini hal qilish vositasi deb biladi.
“Birinchi masala — bu istiqbol: biz dunyo mamlakatlari bilan muammolarimizni hal qilib olishni xohlaymizmi yoki yo‘qmi? O‘ylaymanki, muammolarimizni hal qilish uchun boshi berk ko‘chadan chiqishimiz kerak”, degan Pezeshkiyon saylovoldi debatida.
Eronning yangi yetakchisi katta maqsadlar qo‘yayotgan bo‘lsa-da, amalda uning hokimiyati barcha davlat masalalari bo‘yicha so‘nggi so‘zni aytadigan Oliy rahnamo tomonidan cheklanadi. Shu boisdan ham G‘arb tahlilchilari Pezeshkiyonga tegishli Erondan katta yangiliklar kutib bo‘lmasligini taxmin qilgan.
Maʼlumot o‘rnida, Mas’ud Pezeshkiyon sobiq prezident Muhammad Xotamiy davrida sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan. Mutaxassisligiga ko‘ra u yurak jarrohi. Keyinchalik qonunchilik sohasida ham tahsil olgan. Pezeshkiyon 2009-yilda demokratiya tarafdorlarining norozilik namoyishlari va 2022-yilda Mahsa Amini o‘limidan so‘ng Eron axloq politsiyasi tomonidan sodir etilgan zo‘ravonliklarga qarshi o‘z pozitsiyalari bilan tanilgan.
Pezeshkiyon Mahsa Amini vafoti va undan keyin ko‘tarilgan g‘alayonlarda hokimiyatning o‘zi aybdorligini maʼlum qilgan edi. Bu esa uning nomini Eronda mashhur bo‘lishiga hissa qo‘shgan.
“Bu bizning aybimiz. Biz diniy eʼtiqod siyosatini kuch ishlatish orqali amalga oshirmoqchimiz. Bu har qanaqasiga imkonsizdir”, degan edi o‘shanda Pezeshkiyon.
Mas’ud Pezeshkiyon 1994-yilda avtohalokatda xotini va farzandlaridan birini yo‘qotgach, umrini siyosiy faoliyatga bag‘ishlagan. U 2013 va 2021-yilgi saylovlarda prezidentlikka nomzodini qo‘ygan, biroq muvaffaqiyatga erisha olmagan.
69 yoshli yangi prezident etnik jihatdan aralash oiladan chiqqan — otasi ozarbayjon va onasi kurd millatiga mansub. Bundan tashqari uning ona tili ham fors tili emas. Pezeshkiyonning hukumatga kelishi uni Eron milliy ozchilik guruhlari ichidagi obro‘sini oshirib yubordi. Bu ayni paytda rahbarni yangi ksenofobik hujumlarga ham ro‘baro‘ qilishi mumkin.
Izoh (0)