Wall Street Journal nashri Xitoy hukumati Markaziy Osiyoga daxldorligini oshirish va kelgusida hududiy daʼvolar qilish uchun mintaqadagi Kushon davri yodgorliklarida o‘rganish olib borayotgani borasidagi tahlillarni eʼlon qildi.
Xitoy arxeologlari o'z mamlakatlari sivilizatsiyasining ibtidosi to‘g‘risidagi farazlarni inkor etib, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab qadimiy taraqqiyot izlarini qidirmoqda. Bu borada esa asosiy tadqiqot maskani sifatida Markaziy Osiyo tanlangan.
Xitoy rahbari Si Szinpinning aytishicha, u Xitoy sivilizatsiyasi kelajakda global taʼsirga ega bo‘lishiga ishonch hosil qilish uchun qatʼiy harakat qilmoqda. Ushbu maqsadning kam eʼtiborga olingan qismi shuki Xitoy o‘z qamrovini juda uzoq o‘tmishga qadar kengaytirishga urinmoqda.
Xitoy arxeologlari o‘zlarining mamlakatlarida o‘nlab yillar davomida o‘rganish ishlari olib borgandan so‘ng, butun dunyo bo‘ylab tarqalib, Xitoy sivilizatsiyasi va global tarixning muhim davrlari o‘rtasidagi aloqalarni aniqlashga harakat qilmoqdalar.
O‘zbekistonning janubiy tekisliklarida xitoylik olimlar guruhi 2019-yilda kashf etilgan qadimgi dafn maskanlarida o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Unda topilgan qabrlar bugungi kunda Xitoy deb hisoblangan hududda ildiz otgan sirli ko‘chmanchi qabila taqdiri haqida potensial foydali maʼlumotlar beradi. Bu esa Sharq va G‘arbni bog‘lagan savdo yo‘llari tarmog‘i — Buyuk ipak yo‘li to‘g'risidagi tarixiy yozuvlarni qayta ko‘rib chiqishga olib kelishi mumkin.
Xitoylik tadqiqotchilar 15-asrdagi xitoylik dengizchilarning izlarini qidirib, Keniya va Saudiya Arabistoniga ham borishgan. Janubiy Xitoy dengizida yana bir boshqa guruh Pekinning dengiz hududi bo‘yicha bahsli daʼvolarini kuchaytirishga yordam beradigan ko‘p asrlik Xitoy kemalari qoldiqlarini tekshirmoqda.
Xitoyning bu boradagi harakatlari kengayishi uzoq vaqtdan beri fanda maʼlum farazlarni shubha ostiga qo‘yadi. Baʼzi olimlarning taʼkidlashicha, ko‘rib o‘tilayotgan tadqiqotlar Xitoyning insoniyat tarixidagi o‘rni bilan bir qatorda arxeologiya sohasini ham o‘zgartirish imkoniyatiga ega.
Ko‘p yillar davomida Si Szinpin Xitoy olimlari, sanʼatkorlari va jurnalistlarini mamlakat tarixini global sahnada namoyish etish yo‘lida samaraliroq ishlashga undab kelgan. 2022-yilda eʼlon qilgan bir bayonotida Xitoy rahbari G‘arb Xitoyning qadimiy sivilizatsiyasi ahamiyati va mohiyati haqida kam narsa bilishi va bu muammoli holat ekanini aytgan.
“Bu ularga Xitoyning o‘tmishi, buguni va kelajagini chinakamiga tushunishni qiyinlashtiradi”, — degan Pekindagi hukumat rahbari.
Xitoy milliy madaniy meros boshqarmasi maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakat hozirda chet elda o‘ttizdan ortiq arxeologik qazishmalarda qatnashmoqda, bu 2010 -yilgacha bo‘lgan qazishma ishlar sonidan ancha kam. 2010-2024-yillarda Xitoydagi arxeologlar tomonidan Xitoydan tashqaridagi mavzularda xalqaro jurnallarda yozilgan maqolalar soni qariyb uch baravar ko‘paygan.
Bir vaqtlar Ipak yo‘li orqali Xitoy imperiyalari egalik qilgan taʼsir ko‘lamini qayta jonlantirish uchun 2013 yilda boshlangan infratuzilma loyihasi — “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi tarixga yondashuvning muhim ko‘rinishlaridan biridir.
Bu dastur Pekinning o‘z “geomadaniy qudratini” oshirish va Xitoy sivilizatsiyasini mamlakatning hozirgi chegaralaridan tashqariga olib chiqishga qaratilgan saʼy-harakatlarining bir qismidir, deya vaziyatga fikrini bildirgan Singapur Milliy universitetining Xitoy merosini o‘rganish bo‘yicha mutaxassisi Tim Vinter.
Ushbu tadqiqotlar bilan bog‘liq dalillar tarqoq bo‘lgani uchun arxeologiya nisbatan kengroq imkoniyatlarni taqdim etadi. Baʼzi arxeologlarning taʼkidlashicha, tarixdagi ayrim noaniqliklar xitoylik tadqiqotchilarga madaniy aloqalarni yangi yo‘nalishlarga bog‘lashga imkoniyat yaratadi.
Yuechjilarni izlab
Xitoylik tadqiqotchilarning asosiy saʼy-harakatlaridan imperiyalar asrlar davomida to‘qnash kelgan va urushgan Markaziy Osiyoda qazilma ishlari olib borishga qaratilmoqda. Mintaqada uzoq vaqt G‘arb arxeologlari ustunlik qilgan. Endilikda esa Xitoy bu o‘ringa daʼvo qilmoqda.
Joriy yilning may oyida xitoylik va o‘zbek tadqiqotchilari O‘zbekistondagi Surxondaryo daryosi bo‘yidagi, Chinor qishlog‘iga qaragan ayvon yonidagi 10 metr chuqurlikdagi xandaq atrofida to‘planishdi.
Xandaq ichida xitoylik yosh arxeolog kolba shaklidagi belkurak bilan qazib olingan tuproqni ko‘zdan kechirar edi, o‘zbek hamkasbi qazilma obyektning chetida turib, qishloq hokimiga jamoaning ishini tushuntirdi. Ularning atrofida yana 24 ta boshqa qazilma inshootlar bo‘lib, ularning barchasida mintaqa tarixi haqidagi uzoq yillik taxminlarga zid keladigan artefaktlar mavjud bo‘lgan qadimiy qabrlar bor edi.
Chinortepa deb nomlangan ushbu joy Xitoy markazidagi Sian shahridan kelgan, universitet arxeolog professori hisoblangan Vang Szyan rahbarligidagi guruh tomonidan topilgan. 71 yoshli arxeolog istiqomat qilgan shahar ayni paytda Ipak yo‘lining sharqiy boshlanish nuqtasi ham hisoblanadi.
Arxeolog Vang aytishicha, Ipak yo‘li haqidagi xalqaro tushuncha 19-asrda nemis tadqiqotchilari tomonidan muloqotga kiritilgan. Bu borada hozir ham G‘arb olimlarining gipotezalari hukmron. Yevropalik olimlar G‘arbning bu yo‘l bo‘ylab boshqa madaniyatlarga qanday taʼsir o‘tkazganini o‘rganishga eʼtibor qaratishadi.
“Men bu tadqiqotlarga Xitoyning yondashuvini olib kirmoqchiman”, — degan arxeolog Vang intervyusida.
Olim yigirma yil davomida eramizdan avvalgi birinchi ming yillikda Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismidagi yaylovlarda yashagan ko‘chmanchi chorvadorlar guruhi — yuechjilarni o‘rgangan. Miloddan avvalgi II asrda boshqa bir ko‘chmanchi qabila bilan jangda yirik mag‘lubiyatga uchragach, yuechjilar g‘arbga qochib, oxir-oqibat O‘rta Osiyoga joylashgan. Shu tariqa yuechjilar Markaziy Osiyoda sharqdan kelgan ilk xalqlarga aylanishgan.
Janob Vangni yuechjilar Xitoyni tark etganidan keyin qanday voqealar sodir bo‘lgani qiziqtirib kelgan. Bularni aniqlash uchun u 2009-yildayoq Markaziy Osiyoda qazish ishlarini boshlagan. 2013-yilda, Si Szinpin “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini eʼlon qilganidan uch oy o‘tgach, o‘sha paytdagi Samarqand shahridagi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti direktori Amridin Berdimurodov bilan kelishuvga erishgan. Markaziy Osiyodagi qadimiy ko‘chmanchi madaniyatlarni birgalikda o‘rganishni yo‘lga qo‘yish borasida amaliy qadamlar tashlangan.
Keyingi o‘n yil ichida Vang jamoasi O‘zbekistonda shu paytgacha nomaʼlum bo‘lgan o‘nlab ko‘chmanchi aholi punktlarini topib, mintaqada faoliyat yuritayotgan boshqa arxeologlarni hayratda qoldirdi.
Ularning muvaffaqiyati qisman Vangning Xitoyda yuechji izlarini qidirish bo‘yicha ko‘p yillik tajribasi va qazish joylarini aniqlash uchun qoyatosh rasmlaridan foydalanish mahorati bilan bog‘liq.
Vangning ekspeditsiyalari, shuningdek, Luoyang belkuragi deb nomlangan asbob yordamida ham ancha oldinga siljigan. Ushbu uskuna dastlab qabr qazuvchilar tomonidan foydalanilgan, endilikda esa u arxeologlarning ommabop jihoziga aylangan.
Uzaytiriladigan ustunga biriktirilgan Luoyang belkuragi oyoq uzunligidagi, trubka shaklidagi pichoqdan iborat bo‘lib, uchki qismi qoshiq kabi qavariq yuzaga ega. Oldindan tayyorgarlik ko‘rib kelgan belkurak ustasi undan yerni teshish uchun foydalanadi, so‘ngra yer ostidan olingan namuna yordamida qatlam ostida madaniy qavat bor yoki yo‘qligini aytib berish mumkin.
O‘zbekistonda bu yangi vosita tog‘ yonbag‘irlarida qadimiy shaharlar qoldiqlarini izlashda hamda bog‘lar yoki qishloq xo‘jaligi yerlarida eski qabrlarni topishga imkon bergan.
Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti arxeologi Lotar fon Falkenxauzen Vangning ishini sohaga qo‘shilgan “bebaho hissa” sifatida taʼriflab, “U faktlarga boshqa tomondan qaradi va endi kishilarga jismlarni boshqa rakursdan ko‘rishga va yangi kashfiyotlar qilishga yordam bermoqda”, — deya olimning tadqiqotiga munosabat bildirgan.
Jasadlar nimani fosh etadi?
Vangning o‘zi qadimiy o‘tmishga borasidagi tadqiqotlarga sho‘ng‘ib ketgan bo‘sa-da, uning O‘zbekistondagi kashfiyotlari Pekinning Xitoyni mintaqadagi xayrixoh o‘yinchi sifatida ko‘rsatishga qaratilgan bugungi harakatlariga mos tushadi.
Chinortepa hududi tog‘ dovonidan 40 kilometr g‘arbda joylashgan. Shu hududlar bo‘ylab bundan taxminan 2000 yil avval yuechji qabilalari qadimgi Oxus (Amudaryo) bo‘ylariga kelib o‘rnashganiga ishoniladi.
O‘sha paytda bu yerlar Yunon-Baqtriya podsholigining bir qismi bo‘lgan. Hudud o‘z navbatida qadimgi G‘arb sivilizatsiyasining olis sharqiy chekkasi ham bo‘lib, o‘zining yunoncha sanʼati va shaharlari bilan mashhur bo‘lgan. Eng keng tarqalgan versiyaga ko‘ra, o‘n minglab ot minadigan kamonchilardan iborat yuechji qo‘shini quyoshi botib borayotgan saltanatni osongina mag‘lub etgan va oxir-oqibat Kushon imperiyasini barpo etgan. Keyinchalik imperiya Ipak yo‘li bo‘ylab savdo-sotiqni osonlashtirish orqali qudratli va boy mamlakatga aylanib, g‘arbda Xitoy hamda sharqda Xitoyning Xan imperiyasi bilan raqobatchiga aylangan.
Arxeolog Vang va uning jamoasi yuechjilar hududni shunchaki bosib olishgan, mahalliy aholini o‘ziga bo‘ysundirgan va kushonlarning asosi bo‘lgan degan fikrni noto‘g‘ri, deb hisoblaydi. Vangning taʼkidlashicha, barcha dalillar yerda, uni esa topish kerak.
Kushon qalʼalari, shaharlari va ziyoratgohlari yaqinida ilgari topilgan qabrlar ko‘pincha tartibsiz suyak uyumlari bilan to‘ldirilgan yer usti qabrlari bo‘lgan. Arxeologlarning taʼkidlashicha, kushonlar, xuddi yuechjilar kelishidan oldin hududda yashagan mahalliy aholi kabi, dafn marosimidan oldin jasadlarni hayvonlar yeb ketishi uchun ochiq yerda qoldirishgan. go‘shtdan tozalangan suyaklarni esa yig‘ib kelib, ostadonlarda yoki maqbaralarda saqlashgan.
So‘nggi topilgan qabrlar Chinortepa atrofidagi yuechji xalqlari qabrlariga o‘xshamaydi. Unda murdalar kichik o‘ralar qazilib, ko‘milgan. o‘ra ostida esa yana bir qo‘shimcha tuynuk qazib qo‘yilgan.
Vang aytishicha, bu yuechjilar va Kushon imperiyasining asoschilari bitta xalq bo‘lmaganini ko‘rsatadi. To‘g‘rirog‘i, uning taʼkidlashicha, kushonlar mahalliy aholining avlodlari bo‘lgan.
Qabrlar anʼanaviy bilimlarga ko‘p tomonlama qarshi chiqadi. Yuechjilar jasadlarni tog‘ etagiga dafn qilishni afzal ko‘rgan, Chinortepa yaqinidagi qabrlar esa tekislikda hududida o‘rnashgan. Qabrlar ichida aniqlangan topilmalar soni ham odatda Yuechji qabristonlarida topilganidan ko‘ra kamroq bo‘lgan.
Ushbu farqlarga asoslanib, Vang jamoasi qabrlar yuechji ko‘chmanchilari taʼsirida bo‘lgan mahalliy dehqonlarga yoki fermerlik hayotiga qo‘shila boshlagan yuechji oilalariga tegishli degan xulosaga kelgan.
Vangning so‘zlariga ko‘ra, yuechjilar qonxo‘r mustamlakachilar emas, balki mahalliy aholi bilan tinch-totuv yashagan xalqlar bo‘lishgan.
***
Xitoyning arxeologik ambitsiyalari ustidan bugungi siyosat qay darajada ekanligi Wall Street Journal muxbiri o‘zbekistonlik tadqiqotchi bilan Chinortepa yaqinidagi qadimiy Kushon shahri vayronalari yonida uchrashganida oydinlashdi.
“Xitoyliklarga ayting, ular bu yerda qadimgi xitoyliklarning izini ham topa olishmaydi”, — degan o‘zbekistonlik tadqiqotchi WSJ muxbiriga.
Xitoyning taʼsiri so‘nggi yillarda mahalliy aholi orasida tobora ortib borayotgan qiziqish mavzusiga aylandi, chunki Pekin “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida O‘zbekistonga sarmoya kiritishni kuchaytirdi. Ko‘pchilik o‘zbeklar buni o‘z mamlakatlari jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga yordam beradigan kuch sifatida olqishlaydilar, biroq Xitoy shunchaki mintaqaga o‘z taʼsirini o‘tkazishga urinadigan yangi buyuk davlat bo‘ladi degan xavotirlar ham bor.
Pekin yuechjilar borasidagi dalillardan hududiy daʼvolar qilish uchun foydalana oladimi, degan savolga, Vang, “Bu tushuncha bemaʼnilik, chunki ko‘chmanchilar tarixiy xalq, ularni bugunga bog‘lashdan maʼno yo‘q”, — deb javob bergan.
Vangning o‘zbekistonlik hamkori Berdimurodov xitoylik arxeologga yetarlicha o‘rganilmagan mavzuni yangicha yoritgani uchun minnatdorligini bildirgan va hamkorlikdagi ishdan faxrlanishini aytgan.
“Topilmalar Xitoy va O‘zbekiston ehtiyojlariga ham mos keladi. Kushon imperiyasining kelib chiqishini begona odamlar emas, balki mahalliy xalqlar boshlab bergan. Hududda turli xalqlar aralashgan va milliy qayta tiklanish oqibatida kushonlar shakllangan.
“Biz bugun va kelajakni tushunish va shakllantirish uchun o‘tmishni o‘rganmoqdamiz. Tadqiqotlarimiz katta surʼatda davom ettiriladi”, — degan Xitoy arxeologi Vang.
Izoh (0)