Joriy yilning 3–4-iyul kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Shanxay Hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilish borasida siyosatshunoslar tomonidan turli xil mulohazalar bildirildi. Xususan, G‘arb matbuoti “Putin o‘z do‘stlarini Ostonada yig‘moqda va SHHT NATOga qarshi blok”, degan yondashuvni ilgari surdi.
SHHT G‘arbga qarshi shakllanayotgan ittifoqmi? Ushbu savolga iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov va siyosatshunoslar Oybek Sirojov hamda Zokir Usmonov “Daryo” bilan suhbatda javob berib o‘tdi.
Abdulla Abduqodirov so‘zlariga ko‘ra, SHHT doirasida hech qachon harbiy tuzilmalar tuzish haqida deklaratsiyalar qabul qilinmagan.
— G‘arb propaganda texnologiyasida shunday narsa borki, ular doim o‘z dushmanini “shayton” sifatida ko‘rsatishga harakat qiladi. Lekin SHHT doirasida hech qachon harbiy tuzilmalar tuzish haqida deklaratsiyalar qabul qilinmagan. Ammo bu narsa NATOda bor. Sovuq urush davrida, NATOga qarshi tuzilgan Varshava shartnomasi deb nomlangan harbiy tashkilot bo‘lgan. Lekin bu tashkilot hech qachon NATO bilan urishmagan. Tashkilotda kuchli mamlakatlarning bo‘lishi qarama-qarshi tomonni tiyib turadi, — deydi iqtisodiy tahlilchi.
Siyosatshunos Oybek Sirojovning qo‘shimcha qilishicha, SHHT doirasida qabul qilingan barcha qarorlar BMT rezolyutsiyasi sifatida ko‘rib chiqiladi.
— Sammit borasida turli qarashlar ilgari surildi. Masalan G‘arb matbuoti Putin o‘z do‘stlarini Ostonaga yig‘moqda, degan yondashuvni ilgari surdi. Lekin SHHT doirasida qabul qilingan barcha qarorlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyasi sifatida ko‘rib chiqiladi. Ostonada “SHHT plyus” formatida uchrashuvlar bo‘ldi va bunda barcha ishtirokchi davlatlarning rahbarlari qatnashdi. Shuningdek, BMT bosh kotibi Antonio Guterrish ham ishtirok etdi. Demak, BMT bu tashkilot yig‘ilishida ishtirok etishdan va ko‘rilayotgan masalalardan manfaatdor. Misol uchun BMT kotibi Shveysariyadagi sammitda ishtirok etmagandi. Bu SHHTning maqomi va ko‘lami kengayib borayotganidan dalolat beradi.
SHHT tashkil etilganiga 20 yildan ortiq vaqt bo‘lgan bo‘lsa, hali biron marta harbiy blok tuzish yoki kimgadir qarshi harakat qilish masalasiga urg‘u berilmagan. Har sammitda SHHT harbiy tashkilot emasligi taʼkidlanadi, — deydi siyosatshunos.
Siyosatshunos Zokir Usmonovning taʼkidlashicha, O‘zbekiston ikki qutb orasida qolib ketishdan ehtiyot bo‘lishi kerak.
— Hozir dunyoda demokratik va avtoritar davlatlar to‘qnashuvi yuz bermoqda. O‘zbekiston bu to‘qnashuv domiga tushib qolmasligi kerak. SHHT sammitidan oldin Xitoy rahbari Qozog‘istonning hududiy yaxlitligini tan olishini bildirdi. Bu ham Rossiya, ham G‘arb davlatlariga qaratilgan bir signal edi. Shuning uchun biz G‘arb bilan ham, boshqa davlatlar bilan ham ziddiyatga bormasligimiz kerak. Yaʼni balansni ushlashimiz lozim. O‘zbekistonning manfaati birinchi o‘rinda turishi zarur va shart, — dedi Zokir Usmonov.
To‘liq suhbatni “Daryo”ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Izoh (0)