Qirg‘iziston hukumati O‘zbekistonga eksport qilinadigan ko‘mir narxini 37 foizga oshirgan. Bu haqda “Tazabek.kg” nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, joriy yilning yanvar—may oylarida Qirg‘iziston O‘zbekistonga ko‘mirni 37 foizga qimmatroq narxda eksport qilgan. Bu maʼlumotlar Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan.
Departament maʼlumotlariga ko‘ra, 2024-yilning dastlabki 5 oyi davomida Qirg‘iziston O‘zbekistonga 12,7 million dollarlik 302 ming tonna ko‘mir eksport qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 ming tonnaga kam deganidir.
2023-yilning dastlabki oylarida Qirg‘izistondan O‘zbekistonga 303 ming tonna ko‘mir import qilindi. Mahsulot uchun esa 9,2 million dollar miqdorida to‘lovlar amalga oshirilgan.
Ushbu raqamlar Qirg‘iziston ko‘mirni 37 foizga qimmatroq sotishni boshlaganini ko‘rsatadi. Ko‘mir yetkazib beruvchilar nega narxlarni bunchalik yuqori etib belgilangani maʼlum qilinmagan.
2024-yilning dastlabki 5 oyida eksport qilingan ko‘mirning bir tonnasi uchun o‘rtacha qiymat 42 dollarni tashkil etgan. O‘tgan yili esa bu ko‘rsatkich 30,9 dollardan oshmagani xabar qilingan.
Izoh (0)