O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Shveysariyaning Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy bilan xayrlashuv uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov elchiga O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirib, uning kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
Mutaxassis 2021-yil avgust oyida O‘zbekistondagi elchi etib tayinlangandi. U 24-avgust kuni sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Bungacha u Shveysariyaning Latviya, Litva va Estoniyadagi, shuningdek, Armanistondagi elchisi bo‘lgan. Diplomatik faoliyati davomida Pokistondagi elchixonada missiya rahbari o‘rinbosari, Isroildagi elchixonada attashe sifatida ishlagan.
Shuningdek, Shveysariya Tashqi ishlar federal departamentida xalqaro huquq, siyosiy masalalar hamda inson xavfsizligi yo‘nalishlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Konstantin Obolenskiy 1997-yilda Shveysariyaning Bazel universitetini huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. U nemis, fransuz, ingliz va rus tillarini biladi.








