Bugun, 28-iyun kuni soat 15:17 da Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksining tom qismida yongʻin chiqdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, qutqaruv boʻlinmalari voqea joyiga yetib borib, yongʻinni soat 15:59 da qurshab olgan. Soat 16:15 da alanga toʻliq oʻchirilgan. Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagani qayd etilgan.
Shu bilan birga, 28-iyun soat 15:25 da Toshkent shahar, Sergeli tumanidagi koʻp qavatli xonadonlarning birida yongʻin sodir boʻlgan. “Yangi Sergeli” MFY Sergeli 8-dahasidagi yonayotgan “dom”ga qutqaruv boʻlinmasi soat 15:32 da yetib borgan va yongʻin soat 16:08 da oʻchirilgan.
“Yongʻin oqibatida xonadonning, taxminan, 30 kvadrat metr maydonida uy jihozlari yonib, zararlangan. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yoʻq”, deyiladi xabarda.
Vazirlik hozirda har ikkala yongʻinni keltirib chiqargan sabab va zarar miqdori aniqlanayotganini qayd etgan.
Avvalroq Toshkent shahridagi koʻp qavatli uyda yuz bergan yongʻin deyarli bir soatda oʻchirilgandi. Keyin Navoiydagi savdo doʻkonlari va omborxonada yongʻin chiqqani maʼlum boʻlgan. Andijondagi yogʻoch ombori yongan.








