Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatlarning uylardan birida yong‘in chiqdi. Bu haqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 16-avgust kuni tungi soat 22:02 da boshqarmaga yong‘in haqida xabar kelib tushgan. Mirzo Ulugʻbek tumani Asaka koʻchasida (Darxon hududi) joylashgan “dom”ning tom qismi yongan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda olov katta maydonni egallagani koʻrinadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda oʻt oʻchirish mashinasi koʻp qavatli uyning arkasi sabab uning hovlisiga kira olmagani haqida xabarlar tarqaldi. Boshqarma bunga javoban, aslida mashina bino hududiga kira olishi, biroq uyning orqa tomonida yengil avtomobillar koʻp boʻlgani sabab vaqt yoʻqotmaslik uchun ichkariga kirmaganini bildirdi. Boshqarma yongʻin soat 22:43 da qurshab olingani, qutqaruvchilar tomonidan 23:33 da oʻchirilganini aytgan.
“Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yoʻq. Hozirda yongʻin sababi va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.
Avvalroq Toshkent shahridagi “Oʻzbekiston” mehmonxonasida yongʻin chiqqandi. Shu bilan birga, poytaxtdagi “Beshqoʻrgʻon” bozorida ham katta yongʻin sodir boʻlgani xabar qilingan. Haligacha yongʻin sabablari va undan koʻrilgan talafot koʻlami ochiqlanmagan. “Daryo” muxbiri voqea joyida boʻlib, doʻkoni yongan oʻnlab tadbirkorlar bilan suhbatlashgan. Ular yonib ketgan mahsulotlari kompensatsiya qilinishiga ishonmasligini taʼkidlagan. Ayrimlar 200, baʼzilar 400 ming dollarlik tovarlari yonganini aytgan.








