Eron hukumati jahon neft va suyultirilgan gazining beshdan bir qismi o‘tadigan strategik Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanuvchi kemalardan tranzit yig‘imlarini undirish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Eron parlamenti a’zosining 19-mart kungi bayonotiga tayanib, Reuters xabar berdi.
Tashabbus Tehronning muhim suv yo‘li ustidan o‘rnatgan nazoratini monetizatsiya qilish (daromadga aylantirish) yo‘lidagi navbatdagi qadami sifatida baholanmoqda. Eron talabalar axborot agentligi (ISNA) xabar berishicha, parlament ayni damda maxsus qonun loyihasini muhokama qilmoqda.
Unga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozidan yuk tashish, energiya tranziti va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun foydalanadigan davlatlar Eronga boj va soliqlar to‘lashga majbur bo‘ladi.
AQSH-Isroil va Eron o‘rtasidagi urush boshlanganidan beri, Tehron o‘z raqiblari va ularning ittifoqchilariga aloqador deb topilgan kemalarning harakatlanishiga to‘sqinlik qilib kelmoqda. Ammo ayrim davlatlar uchun bo‘g‘oz ochilgan, faqatgina dushman davlatlar uchun yo‘l yopiq qolmoqda.
Eron oliy rahnamosining maslahatchisi urush yakunlanganidan so‘ng Hormuz bo‘g‘ozi uchun “yangi rejim” joriy etilishini ta’kidladi. Ushbu tartib Tehronga unga qarshi sanksiya qo‘llagan davlatlarga nisbatan dengiz yo‘llarida cheklovlar o‘rnatish imkonini beradi.
“Hormuz bo‘g‘ozining strategik joylashuvidan foydalangan holda, G‘arbga qarshi sanksiyalar qo‘llashimiz va ularning kemalari ushbu suv yo‘li orqali o‘tishining oldini olishimiz mumkin”, dedi Muhammad Moxber Mehr axborot agentligiga bergan intervyusida.
Bunday choralar xalqaro dengiz savdosiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi va energiya tashuvchi resurslar narxining oshishiga olib kelishi mumkin.
Bundan bir kun oldin Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi davom etayotgan urush yakunlanganidan so‘ng, Fors ko‘rfazi sohilidagi davlatlar Hormuz bo‘g‘ozi uchun yangi protokol ishlab chiqishi zarurligini ta’kidladi.
Isroil 18-mart kuni Eronning dunyodagi eng yirik “Janubiy Pars” gaz koni inshootlariga hujum qildi. Bunga javoban Islom respublikasi arab davlatlaridagi gaz va neft obyektlarini nishonga olish bilan tahdid qildi hamda Qatardagi Ras Laffan gaz inshootiga zarba berdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa Isroil Eron neft-gaz obyektiga hujumlarni u bilan kelishmaganini aytib, Qatarga hujum davom etsa, “Janubiy Pars”ni portlatish bilan tahdid qildi.








