Daryo

BAA neft tankerlari Hormuzdan yashirincha o‘tdi

Eron hujumlaridan himoyalanish maqsadida kemalarning joylashuvni ko‘rsatuvchi datchiklari o‘chirib qo‘yilgan. Mamlakat bo‘g‘oz yopiqligiga qaramay 6 million tonna yonilg‘i eksport qilishga muvaffaq bo‘lgan.

3 daqiqa o‘qish4 465 ko‘rishlar0 izoh1

Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va boshqa neft xaridorlari yaqin kunlarda Hormuz bo‘g‘ozi orqali bir nechta xom neft yuklangan tankerlarni yashirincha o‘tkazdi. Bu haqda soha manbalari va kemalar harakati ma’lumotlariga tayanib, Reuters xabar berdi.

Eron atrofidagi urush sababli Fors ko‘rfazida neft savdosi deyarli to‘xtab qolgan. Shuning uchun BAA neftni Eron hujumlaridan himoya qilish maqsadida tankerlarning joylashuvni ko‘rsatuvchi datchiklarini (AIS) o‘chirib qo‘ygan va ularni bo‘g‘ozdan olib o‘tgan.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanishidan oldin BAAning neft eksporti ko‘rsatkichlari ancha yuqori edi.

“Hozirgi yetkazib berish avvalgi hajmlarning bir qismini tashkil etsa-da, bu ishlab chiqaruvchi va xaridorlarning neft savdosini davom ettirish uchun har qanday xavfga tayyorligini ko‘rsatmoqda”, deyiladi xabarda.

Ammo mintaqadagi boshqa davlatlar, jumladan, Iroq, Kuvayt va Qatar neft savdosini butunlay to‘xtatgan yoki xaridorlarni jalb qilish uchun narxlarni keskin tushirgan. Saudiya Arabistoni esa faqatgina Qizil dengiz orqali yuk tashimoqda.

Maxfiy yetkazib berish sxemasi qanday ishladi?

Aniqlanishicha, aprel oyida BAAning Abu Dhabi National Oil Co (ADNOC) kompaniyasi kamida 4 million barrel Upper Zakum va 2 million barrel Das navli neftni eksport qilishga muvaffaq bo‘lgan. Bu ma’lumotlar sun’iy yo‘ldosh va kema kuzatuv tizimlari tahlili natijasida qo‘lga kiritildi.

Yuklarni yetkazib berishda bir necha yo‘l qo‘llanilgan. Xususan, neft bir kemadan ikkinchisiga ochiq dengizda o‘tkazilib, Janubi-Sharqiy Osiyoga yuborilgan. Yuk Ummonning Ras Markaz terminalidagi omborlarga tushirilgan yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri Janubiy Koreya neftni qayta ishlash zavodlariga yetkazilgan.

Tankerlar Eron harbiylari ko‘rib qolmasligi uchun datchiklarni o‘chirib harakatlanadi. Qiziq tomoni shundaki, Eronning o‘zi ham AQSH sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun aynan shu usuldan foydalanib keladi.

Bunday sayohatlar juda xavfli. 4-may kuni BAA Eronni Barakah nomli bo‘sh tankeriga dronlar bilan hujum qilganlikda aybladi. Shunga qaramay, ADNOC savdoni to‘xtatmoqchi emas. Hatto neft partiyalaridan biri rekord darajadagi ustama narx - rasmiy narxdan 20 dollar qimmatroqqa sotilgan.

Ma’lumot uchun, ADNOC urush boshlangandan beri eksport hajmini kuniga 1 million barreldan ko‘proqqa qisqartirishga majbur bo‘ldi. Ilgari kompaniya kuniga 3.1 million barrel neft eksport qilardi. Hozirda kompaniya Osiyo neft zavodlari bilan may oyidagi savdo bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Eksport ishlarini Fors ko‘rfazidan tashqaridagi portlar, jumladan, Fujayra (BAA) va Soxar (Ummon) orqali davom ettirish rejalashtirilgan.

Fors ko‘rfazida 20 ming dengizchi qolib ketgan 

Yaqin Sharqdagi urush tufayli Fors ko‘rfazida 20 ming dengizchi qolib ketgan. BMTning ogohlantirishicha, Hormuz bo‘g‘ozi yopilishi oqibatida kemalar ekipaji “qamal”ga tushib qolgan.

Hozirda dengizchilar juda og‘ir ahvolda. Fors ko‘rfazining ikki tomoniga ham chiqish imkonsiz. Eron portlari urush zonasi bo‘lgani uchun xavfli. Janubiy qirg‘oqdagi Arab davlatlari viza cheklovlari va logistika muammolari sababli dengizchilarni qabul qilmayapti. Hormuz bo‘g‘ozi esa amalda yopiq qolmoqda.

AQSH va Isroil Eronga qarshi urush boshlaganidan beri Tehron bo‘g‘ozdan o‘tish uchun yangi qoidalar joriy qildi. Mamlakat faqat “do‘st” davlatlar kemalarini pul evaziga o‘tkazmoqda. Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp esa bunga javoban dengiz blokadasini o‘rnatdi. Oqibatda bo‘g‘oz orqali harakat deyarli to‘xtadi: ilgari kuniga 100 dan ortiq kema o‘tgan bo‘lsa, hozir sanoqli kemalar o‘tmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar