Daryo

Eron Qatarning eng yirik Ras Laffan gaz inshootiga zarba berdi

Hujumga javoban Qatar Eron elchixonasining harbiy va xavfsizlik attashelarini persona non grata deb e’lon qildi. Ulardan 24 soat ichida mamlakatni tark etish talab qilindi.

1 daqiqa o‘qish6 857 ko‘rishlar0 izoh9

Eron Qatarning Ras Laffan sanoat shahridagi eng yirik gaz inshootiga zarba berib, obyektga katta zarar yetkazdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

QatarEnergy kompaniyasi zavod ishchilari orasida qurbonlar yo‘qligini ma’lum qildi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi voqea joyidagi yong‘in nazorat ostiga olinganini aytdi.

Zavodga hujum Isroilning Erondagi “Janubiy Pars” gaz inshootiga bergan zarbalariga javob sifatida amalga oshirilgan. Eron hujumdan oldin Qatardagi “Mesaid” neft-kimyo majmuasi, “Mesaid” xolding kompaniyasi va “Ras Laffan” neftni qayta ishlash zavodi, Saudiya Arabistonidagi “Samref” neftni qayta ishlash zavodi hamda “Jubayl” neft-kimyo majmuasi, shuningdek BAAdagi Al-Husn gaz koniga zarba berilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi Eron hujumiga javoban uning elchixonasi harbiylari va xavfsizlik xizmati xodimlarini persona non grata deb e’lon qildi. TIV ulardan 24 soat ichida Qatarni tark etishni talab qildi. Bu qaror Eronning takroriy hujumlariga javoban qabul qilingani ta’kidlandi.

“Qatar ushbu hujumni xavfli eskalatsiya, o‘z suverenitetining qo‘pol ravishda buzilishi va milliy xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid sifatida ko‘radi”, deyiladi TIV bayonotida.

Doha shahridan 80 kilometr shimoli-sharqda joylashgan Ras Laffan majmuasi dunyodagi eng yirik suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchi markaz bo‘lib, u global ta’minotning qariyb 20 foizini ta’minlaydi. Zavod mahsulotlari asosan Osiyo va Yevropa bozorlariga yetkazib beriladi.

Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligiga ko‘ra, 18-mart kuni mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlari Ar-Riyod yo‘nalishida uchirilgan 4 ta ballistik raketani va sharqiy hududlarga yo‘naltirilgan yana 2 ta raketani tutib olgan. BAA Mudofaa vazirligi esa Erondan uchirilgan 13 ta ballistik raketa va 27 ta dron zararsizlantirilganini ma’lum qildi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar