Daryo

Eron Hormuzdan o‘tuvchi kemalardan 2 mln dollardan yig‘ishni boshladi — Fox News

Tehron rasmiysi buni urush xarajatlari deb atab, mamlakat kemalardan boj olishga majbur ekanini aytdi.

2 daqiqa o‘qish5 432 ko‘rishlar0 izoh4

Eron global savdoning eng muhim nuqtalaridan biri bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida ayrim tankerlardan o‘tish uchun 2 million dollar miqdorida haq undirishni boshladi. Bu haqda manbalarga tayanib Fox News xabar berdi.

“Urushning o‘z xarajatlari bor”

Eronlik qonun chiqaruvchi Aloviddin Borujerdi 22-mart kuni mamlakat davlat teleradiokompaniyasiga (IRIB) bergan intervyusida ushbu ulkan boj suv yo‘lini nazorat qilishdagi yangi yondashuv ekanini bildirdi.

“Ayrim kemalardan tranzit to‘lovi sifatida 2 million dollar undirilishi Eronning qudratini aks ettiradi. Urushning o‘z xarajatlari bor, shuning uchun biz Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan kemalardan boj olishga majburmiz”, dedi parlamentning milliy xavfsizlik qo‘mitasi a’zosi.

Uning ta’kidlashicha, mazkur chora allaqachon amalga oshirilmoqda va bu o‘n yilliklardan so‘ng bo‘g‘ozda o‘rnatilgan yangi suveren rejimning namunasidir.

Eronning ushbu harakatlari AQSH prezidenti Donald Trampning keskin ogohlantirishidan so‘ng yangradi. Tramp 21-mart kuni agar bo‘g‘oz 48 soat ichida to‘liq ochilmasa, AQSH Eronning energetika infratuzilmasiga zarba berishini ma’lum qildi.

“Agar Eron 48 soat ichida Hormuz bo‘g‘ozini hech qanday tahdidlarsiz to‘liq ochmasa, Vashington ularning elektr stansiyalarini yakson qiladi! Biz ishni eng yirigidan boshlaymiz!” deb yozdi Tramp Truth Social tarmog‘ida.

Bunga javoban Eronning Xalqaro dengiz tashkilotidagi doimiy vakili Ali Musaviy bo‘g‘oz Eronning dushmanlaridan tashqari hamma uchun ochiqligini aytdi. Mamlakat prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham X tarmog‘ida: “Hormuz bo‘g‘ozi tuprog‘imizni buzganlardan tashqari barcha uchun ochiq”, deya Eron siyosatiga aniqlik kiritdi.

Shundan so‘ng, Tramp 23-mart kuni Urush vazirligiga Eron elektr stansiyalari va energetika infratuzilmasiga zarbalar berishni besh kunga to‘xtatishga buyruq berdi. U, shuningdek, Eron bilan samarali muzokaralar o‘tkazilayotganini ta’kidladi. Ammo Eronning Tasnim agentligi ikki davlat o‘rtasida hech qanday muzokara bo‘lmaganini qayd etdi.

Lloyds List nashrining xabar berishicha, Eron amalda bo‘g‘ozda o‘ziga xos xavfsiz yo‘lak tashkil qilgan. Unda tekshiruvdan o‘tgan tankerlarga pul evaziga o‘tish taklif qilinmoqda. Kamida bitta holatda 2 million dollarlik to‘lov amalga oshirilgani qayd etilgan.

Hozirda Xitoy, Hindiston, Pokiston, Malayziya va Iroq kabi davlatlar kemalar tranziti bo‘yicha Tehron bilan muzokaralar olib bormoqda. Eron Inqilobiy gvardiyasi esa “ma’qullangan” kemalarni ro‘yxatga olishning yangi tizimini joriy etgan.

Odatda Hormuz bo‘g‘ozi orqali kuniga 20 million barrel neft va global suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) savdosining qariyb 20 foizi o‘tadi. Suv yo‘lining yopilishi yoki cheklovlar yuk tashish va sug‘urta xarajatlarini keskin oshirib, neft narxini yuqoriga surdi va global iqtisodiy xavotirlarni kuchaytirdi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar