Eron bilan bog‘liq bo‘lgan kamida 34 ta tanker AQSH tomonidan o‘rnatilgan dengiz blokadasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda The Financial Times nashri va Vortexa yuk kuzatuv ma’lumotlariga tayanib News 18 xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp blokadani ulkan muvaffaqiyat deb ataganiga qaramay, Eron bilan bog‘liq kemalar Fors ko‘rfazi va uning atrofidagi suvlarda harakatlanishda davom etmoqda.
Jumladan, 19 ta kema blokada hududidan o‘tib, Fors ko‘rfazidan chiqib ketgan. 15 ta kema esa Arab dengizi tomonidan Eronga qarab suzib, mintaqaga kirib kelgan. Chiqib ketgan kemalarning kamida oltitasi Eron xom neftini tashiyotgani tasdiqlandi. Ulardagi jami yuk miqdori 10,7 million barrelni tashkil etadi.
Sanksiya ostidagi Eron nefti odatda Brent navidan 10 dollar arzonga sotilishi hisobga olinsa, ushbu yuklarning umumiy qiymati qariyb 910 million dollarga teng bo‘lishi mumkin.
Tankerlar kuzatuvdan qanday qochmoqda?
Blokadani yorib o‘tgan kemalar orasida Eron bayrog‘i ostidagi Dorena supertankeri ham bor. Ma’lum qilinishicha, u dengiz kuzatuv tizimlaridan qochish uchun o‘z transponderini (joylashuvni bildiruvchi qurilma) o‘chirib qo‘ygan holda blokadadan o‘tib ketgan.
Vashington dengiz blokadasini 13-aprel kuni, Eron bilan mojaroni vaqtincha to‘xtatgan sulhdan ko‘p o‘tmay joriy qilgan. Dastlabki choralar faqat Eron suv hududiga kirayotgan yoki chiqayotgan kemalarga qaratilgan bo‘lsa, keyinchalik cheklovlar kengaytirildi. Endilikda ochiq dengizdagi Eron kemalari va Tehronga strategik yordam berishda gumonlangan har qanday kema nishonga olinmoqda.
CENTCOM va Tramp munosabati
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 21-aprel kuni blokada boshlanganidan beri Amerika kuchlari kamida 28 ta kemani ortga — Eron portlariga qaytarib yuborganini ma’lum qildi. Shuningdek, AQSH harbiy-dengiz kuchlari Ummon qo‘ltig‘ida bitta konteyner kemasini qo‘lga olgan va Hind-Tinch okeani mintaqasida sanksiya ostidagi tankerni tekshiruvdan o‘tkazgan.
Tramp CNBC kanaliga bergan intervyusida blokadani himoya qildi. U cheklovlarning davom etishi Tehron bilan olib borilayotgan muzokaralarga bog‘liqligini aytdi. Trampning ta’kidlashicha, Eron bilan yakuniy kelishuvga erishilgunga qadar Hormuz bo‘g‘ozi kabi muhim yo‘llardagi cheklovlar saqlanib qoladi.
Eron ikki kemani qo‘lga oldi
Tramp 22-aprel kunidan boshlab AQSH va Eron o‘rtasidagi otashkesim uzaytirilishini e’lon qildi. The Washington Post nashriga ko‘ra, shundan bir necha soat o‘tib, Eron kuchlari Hormuz bo‘g‘ozida ikkita konteyner kemasini qo‘lga oldi.
Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) harbiy-dengiz kuchlari MSC-Francesca va Epaminondas kemalarini to‘xtatib, Eron qirg‘oqlariga olib ketdi.
“Hormuz bo‘g‘ozida tartib va xavfsizlikning buzilishi bizning qizil chizig‘imizdir”, deyiladi IIQK bayonotida.
Eron tomoni ushbu kemalarni zarur ruxsatnomalarsiz harakatlanishda va navigatsiya tizimlarini o‘zgartirishda ayblamoqda. Qo‘lga olingan kemalar 22-aprel kuni erta tongda hujumga uchraganini xabar qilgan.
Birinchi kema Ummon shimoli-sharqidan 15 dengiz mili uzoqlikda IIQKning qurollangan qayig‘i unga qarata o‘t ochganini va kapitan ko‘prigiga og‘ir zarar yetkazganini bildirdi.
Ikkinchi kema Eron qirg‘og‘idan 8 dengiz mili uzoqlikda hujumga uchraganini aytdi, biroq hujumchilar kimligini ochiqlamadi. Har ikkala hodisa Britaniya Qirollik harbiy-dengiz kuchlari tarkibidagi Buyuk Britaniya dengiz savdo operatsiyalari markazi tomonidan qayd etildi.








