Daryo

AQSH harbiy kemalari Eron bilan urush boshlanganidan beri ilk bor Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tdi

Harakat Eron bilan muvofiqlashtirilmagan holda amalga oshirilgani aytilmoqda. Bo‘g‘ozdan uchta neft tankeri o‘tgani ham xabar qilindi.

2 daqiqa o‘qish18 251 ko‘rishlar0 izoh14

AQSH harbiy-dengiz kuchlarining bir nechta kemasi 11-aprel kuni Hormuz bo‘g‘ozini kesib o‘tdi. Bu haqda Axios muxbiri Barak Ravidning ma’lumotiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Bu urush boshlanganidan buyon AQSH harbiy kemalarining mazkur strategik bo‘g‘oz orqali ilk bor harakatlanishidir. Jurnalistning ijtimoiy tarmoqlarda aniqlik kiritishicha, ushbu harakat Eron bilan muvofiqlashtirilmagan holda amalga oshirilgan.

Eronning Fars axborot agentligi xabariga ko‘ra, Amerika esminetsi BAAning Fujayra portidan chiqib, Hormuz bo‘g‘ozi tomon yo‘nalgan. Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Khabar Network telekanaliga bergan intervyusida ushbu holatni otashkesim tartibining ehtimoliy buzilishi deb atagan.

Agentlikning da’vo qilishicha, kemaning harakati Eron qurolli kuchlarini oyoqqa turg‘izgan. Eron harbiylari kemaning joylashuvini kuzatib, bu haqda Pokistondagi muzokaralar guruhiga xabar bergan.

“Eron pokistonlik vositachi orqali AQSHga ochiqchasiga shart qo‘ydi: agar kema harakatlanishda davom etsa, 30 daqiqa ichida nishonga aylanadi va bu Eron-Amerika muzokaralariga jiddiy zarar yetkazadi”, deyiladi bayonotda.

Fars nashrining yozishicha, Eron tomonidan berilgan ogohlantirishlardan so‘ng kemaga to‘xtash buyrug‘i berilgan. Hozircha Vashington ushbu holat yuzasidan rasmiy izoh bermadi.

11-aprel kuni ushbu voqeadan avval Hormuz bo‘g‘ozidan uchta neft tankeri (ikkittasi Xitoy va bittasi Gretsiya bayrog‘i ostida) ham o‘tgan.

Xuddi shu kuni Islomobodda Pokiston vositachiligida AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralar boshlandi. AQSH prezidenti Donald Tramp muzokaralar boshlanganini tasdiqlar ekan, agar muloqot muvaffaqiyatsiz tugasa, Vashington Eronga qarshi hujumlar qayta boshlanishini aytdi.

Ayni paytda, Reuters’ga ko‘ra, AQSH Qatar va boshqa davlatlardagi Eron aktivlarini muzlatishdan chiqarishga rozi bo‘lgan. Ammo CBS News nashri esa bu ma’lumotni rad etmoqda.

AQSH va Eron 8-aprel kuni ikki haftalik otashkesim e’lon qilgan edi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Vashington ushbu sulhga Tehronning Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq va zudlik bilan qayta ochishga tayyorligi sababli rozi bo‘lgan. Eron Yaqin Sharqdagi mojaro boshlanganidan beri mazkur bo‘g‘oz orqali yuk tashishni bloklab qo‘ygan edi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar