AQSH prezidenti Donald Tramp Eron tomonidan Hormuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishi va neft narxining keskin ko‘tarilishi ortidan, Fors ko‘rfazidagi kemalar uchun davlat sug‘urtasini joriy etishini ma’lum qildi. Oq uy rahbari, shuningdek, zarurat tug‘ilsa, AQSH harbiylari kemalarga hamrohlik qilishini bildirdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Donald Tramp 3-mart kuni o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yangi tartib kuchga kirganini e’lon qildi:
“Men AQSH Taraqqiyot moliya korporatsiyasiga Fors ko‘rfazidagi barcha kemalarni, ayniqsa neft tashuvchilarini arzon narxda sug‘urtalash va ularning xavfsizligini kafolatlashni buyurdim. Bu darhol kuchga kiradi”.
Taraqqiyot moliya korporatsiyasi AQSH hukumatining rivojlanishni moliyalashtirish agentligi bo‘lib, uning vazifasi xususiy kapitalni safarbar qilish orqali mamlakat tashqi siyosati va milliy xavfsizligini mustahkamlashdan iborat. Trampning ta’kidlashicha, bunday chegirmali sug‘urta barcha yuk tashish yo‘nalishlari uchun amal qiladi.
Dengiz floti ishga tushadi
Prezidentning bildirishicha, AQSH neft tankerlarining erkin harakatini ta’minlaydi:
“Zarurat tug‘ilsa, AQSH Harbiy-dengiz floti imkon qadar tezroq Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan tankerlarga hamrohlik qilishni boshlaydi. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Qo‘shma Shtatlar dunyoga energetika resurslarining erkin yetkazib berilishini ta’minlaydi”.
Hormuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini Hind okeani bilan bog‘laydigan hayotiy muhim savdo “arteriya”si bo‘lib, jahon neft savdosining qariyb 20 foizi aynan shu yo‘l orqali o‘tadi.
AQSH va Isroil 28-fevral kuni Tehronga zarba berishni boshlaganidan beri neft narxi qariyb 15 foizdan ko‘proqqa qimmatlashdi. Eron bo‘g‘ozni yopib qo‘ygani va ko‘rfazdagi energetika obyektlariga hujumlar uyushtirilayotgani narxlar yanada ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi kutilmoqda. Ayrim xususiy sug‘urta kompaniyalari xavf yuqoriligi sababli kemalarni sug‘urtalashni to‘xtatgan.
Garchi AQSH neft qazib olish bo‘yicha o‘zini-o‘zi ta’minlay olsa-da, jahon bozoridagi narx navosi inflyatsiyaga va amerikalik iste’molchilar uchun yoqilg‘i narxining oshishiga olib keladi. AAA (Amerika avtomobil assotsiatsiyasi tomonidan boshqariladigan onlayn narxlar trekeri) ma’lumotlariga ko‘ra, bir kecha-kunduzda AQSHda bir gallon (3,8 litr) benzinning o‘rtacha narxi 11 sentga oshib, 3,11 dollarni tashkil etdi.
Ayni paytda Tramp jurnalistlar bilan suhbatda Eronga berilgan zarbalarni oqlab chiqdi:
“Eronga hujum, qurbonlar va energiya bozoridagi tanglikka qaramay, sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan hodisa edi. Neft narxi biroz muddat yuqori bo‘lib turadi, biroq bu nizo tugashi bilan narxlar hatto avvalgidan ham pastroq bo‘lishiga ishonaman”.








