AQSH harbiylari Osiyo suvlarida Eron bayrog‘i ostida harakatlanayotgan kamida uchta tankerni qo‘lga oldi. Kemalar Hindiston, Malayziya va Shri Lanka yaqinidan boshqa yo‘nalishga burib yuborilmoqda. Bu haqda kema qatnovi va xavfsizlik manbalari 22-aprel kuni ma’lum qildi.
Amerikalik harbiylar bu boradagi so‘rovlarga hozircha javob bermadi. To‘xtatilgan kemalar ro‘yxatida Deep Sea supertankeri bor. U Eron bayrog‘i ostida suzgan va xom neft bilan qisman to‘ldirilgandi. Kema oxirgi marta bir hafta oldin Malayziya qirg‘oqlarida ko‘ringan.
Ikkinchisi Sevin tankeri bo‘lib, kichikroq hajmdagi ushbu kema 1 million barrel sig‘imga ega. Uning 65 foiziga yuk ortilgan edi. Kema bir oy oldin Malayziya qirg‘oqlarida qayd etilgan.
Uchinchisi esa Dorena supertankeri bo‘lib, 2 million barrel xom neft bilan yuklangan. U uch kun oldin Hindiston janubiy qirg‘oqlarida ko‘rinish bergan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berishicha, Dorena blokadani buzishga urinib, hozirda Hind okeanida AQSH harbiy kemasi kuzatuvida ketmoqda.
Bo‘g‘ozning yopilishi dunyo neft va gaz yetkazib berish hajmining beshdan bir qismiga zarar yetkazdi. Bu global energiya inqirozini keltirib chiqardi. So‘nggi kunlarda AQSH kuchlari Eronning bitta yuk kemasi va bitta neft tankerini qo‘lga oldi.
Eron esa 22-aprel kuni Hormuz bo‘g‘ozidan chiqmoqchi bo‘lgan ikkita konteyner kemasini ushlaganini ma’lum qildi. Urush boshlanganidan beri Eron birinchi marta shunday harakat qildi. Shu bilan birga, AQSH dengiz blokadasini shu paytgacha 34 ta Eron kemasi yorib o‘tgani haqida ma’lumot mavjud.
Manbalarga ko‘ra, AQSH kuchlari Eronning Derya tankerini ham to‘xtatgan bo‘lishi mumkin. 19-aprel kuni Eron neftini sotib olish bo‘yicha AQSH tomonidan berilgan imtiyoz tugadi. Ushbu kema ungacha Hindistonda yukini tushirishga ulgurmagandi. U oxirgi marta 17-aprel kuni Hindistonning g‘arbiy qirg‘oqlarida ko‘ringan.
Xavfsizlik xizmati manbasining qo‘shimcha qilishicha, AQSH harbiylari Eron kemalarini Hormuz bo‘g‘ozidan uzoqda, ochiq suvlarda nishonga olmoqda. Bundan maqsad operatsiyalar davomida suzuvchi minalar xavfidan qochishdir.








