Yaqin Sharqdagi mojaro tobora kengayib, mintaqada harbiy va diplomatik keskinlik kuchaymoqda. AQSH va Isroil tomonidan Eron hududiga berilayotgan zarbalar davom etar ekan, turli davlatlar ham vaziyatga munosabat bildirmoqda. Ayrim mamlakatlar diplomatik yo‘l bilan mojaroni yumshatishga chaqirayotgan bo‘lsa, boshqalari harbiy va siyosiy qo‘llab-quvvatlash masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Eron: urush oqibatida 1 300 dan ortiq tinch fuqaro halok bo‘lgan
Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniy AQSH va Isroil zarbalari oqibatida mamlakatda kamida 1 332 nafar tinch fuqaro halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Diplomatning aniqlik kiritishicha, ushbu ma’lumotlar Eron Qizil Yarim Oy jamiyatining so‘nggi hisobotiga asoslangan. Uning aytishicha, qurbonlar orasida 180 dan ortiq bola bor. Shuningdek, minglab odamlar turli darajadagi jarohatlar olgan.
Iravoniy zarbalar oqibatida fuqarolik infratuzilmasiga ham jiddiy zarar yetganini ta’kidladi. Jumladan, 20 dan ortiq maktab binosi shikastlangan yoki butunlay vayron bo‘lgan.
Putin Eron prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida tomonlar Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilgan.
Kreml bayonotiga ko‘ra, Rossiya harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish va Eron atrofidagi hamda butun mintaqadagi muammolarni kuch ishlatmasdan hal qilish zarurligini yana bir bor ta’kidlagan.
Putin, shuningdek, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar rahbarlari bilan ham doimiy aloqada ekanini bildirgan. Eron prezidenti esa Islom Respublikasi xalqi bilan birdamlik bildirgani uchun Rossiyaga minnatdorlik izhor etgan va mintaqadagi vaziyat rivoji haqida batafsil ma’lumot bergan.
AQSH Isroilga 150 mln dollarlik aviabombalar sotadi
AQSH Davlat departamenti Kongress bilan kelishmasdan Isroilga 151,8 million dollarlik aviatsiya bombalarini sotishga ruxsat berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil hukumati 12 ming dona BLU-110A/B aviabombasini xarid qilish bo‘yicha so‘rov yuborgan.
Ushbu bombalar og‘irligi taxminan 454 kilogramm bo‘lgan umumiy maqsadli aviatsiya bombalari hisoblanadi. Davlat departamenti bu qarorni “favqulodda vaziyat” bilan izohlagan. AQSH davlat kotibi Marko Rubio Isroilga ushbu qurol-yarog‘larni zudlik bilan yetkazib berish zarurligini aynan mintaqadagi keskin vaziyat bilan bog‘lagan.
Xitoy Eronni qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi
CNN telekanali manbalariga ko‘ra, AQSH razvedkasida Xitoy Eronni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda raketalar uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish ehtimolini ko‘rib chiqayotgani haqida ma’lumotlar mavjud.
Biroq The Washington Post nashri manbalarining aytishicha, Pekin hozircha Eronga to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatmagan. Xitoy mojarodan ehtiyotkorlik bilan masofa saqlayotganini bildirgan.
Reuters avvalroq Xitoy Eron bilan Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi neft tankerlarining xavfsizligi masalasida muzokaralar olib borayotganini xabar qilgandi. Pekin o‘z neft importining qariyb 45 foizi aynan shu yo‘l orqali yetkazib berilishi sabab mintaqadagi vaziyatdan jiddiy xavotirda.
17 mingdan ortiq o‘zbekistonlik Yaqin Sharqdan olib chiqildi
Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar sabab Bahrayn, Kuvayt, Suriya, Iroq, Eron, Qatar hamda Isroil havo hududlari parvozlar uchun yopiq qolmoqda.
Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 28-fevraldan 7-martgacha Madina va Jidda aeroportlaridan 63 ta reys amalga oshirilib, ular orqali 13 543 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga olib kelingan.
Shuningdek, Dubay aeroportidan bajarilgan 9 ta reys orqali yana 1 401 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarilgan. Xorijiy aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirilgan qo‘shimcha parvozlar orqali ham yuzlab yo‘lovchilar mamlakatga yetkazilgan.
Isroil elchisi Eron tahdidi haqida gapirdi
Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig 3-mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yaqin Sharqdagi keskinlashgan vaziyat yuzasidan mamlakatining pozitsiyasini bayon qildi.
Diplomatning aytishicha, AQSH va Isroil tomonidan olib borilayotgan qo‘shma operatsiya mintaqada yuzaga kelgan tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan. U Isroil Eron tomonidan doimiy va to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf ostida ekanini ta’kidladi.
Elchiga ko‘ra, Eronning Isroilga qarshi faoliyati uch asosiy yo‘nalishda olib borilmoqda. Bular — yadroviy dastur, ballistik raketalar ishlab chiqish hamda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan qurolli guruhlar orqali amalga oshirilayotgan harakatlardir.
“Hizbulloh” Isroil shahri aholisini evakuatsiyaga chaqirdi
Livandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” harakati Isroil shimolidagi Kiryat Shmona shahri aholisini evakuatsiya qilishga chaqirdi.
Bayonotda shahar aholisi zudlik bilan uylarini tark etib, janubga qarab yo‘l olishi so‘ralgan. Biroq ushbu hududga nisbatan qanday aniq choralar ko‘rilishi rejalashtirilgani ochiqlanmagan.
Avvalroq “Hizbulloh” tomonidan Isroil hududiga raketa va dronlar uchirilgach, Isroil armiyasi Livanning janubiy va sharqiy hududlari hamda Bayrut yaqiniga kuchli havo zarbalari bergan edi.








