Yaqin Sharqdagi keskinlik tobora kengaymoqda. 3-mart kuni Ar Riyoddagi AQSH elchixonasiga dronlar hujum qildi, Isroil Livanda quruqlik operatsiyasini boshladi, Amerika fuqarolarini mintaqani tark etishga chaqirdi. Yevropa davlatlari Eronni ogohlantirdi, O‘zbekiston esa parvozlarni to‘xtatib, fuqarolarni evakuatsiya qilmoqda.
Ar Riyoddagi AQSH elchixonasiga dron urildi
3-mart tongida Saudiya Arabistonining Ar Riyod shahridagi AQSH elchixonasiga ikkita dron kelib urildi. Saudiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, obyektda yong‘in chiqqan va “kichik moddiy zarar” yetgan.
Isroil Livanda quruqlik operatsiyasini boshladi
Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) 3-mart kuni Livanda “Hizbulloh”ga qarshi quruqlikdan operatsiyalar boshlaganini e’lon qildi. Qo‘shinlar Livan chegarasining bir necha nuqtalariga joylashtirilgan.
AQSH fuqarolarini mintaqani tark etishga chaqirdi
AQSH Davlat departamenti barcha fuqarolarini Yaqin Sharqdagi o‘ndan ortiq davlatni “hoziroq tark etish”ga chaqirdi. Tavsiya Bahrayn, Misr, Eron, Iroq, Isroil, Iordaniya, Kuvayt, Livan, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni, BAA, Suriya va Yamanga taalluqli.
Iordaniyadagi AQSH elchixonasi xodimlari tahdid sabab diplomatik binoni tark etgan. Shu bilan birga, raketa hujumlari tufayli ko‘plab tijoriy reyslar to‘xtatilgani evakuatsiyani murakkablashtirmoqda.
Ispaniya AQSH bazalaridan foydalanishga ruxsat bermadi
Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares mamlakat hududidagi Rota va Moron harbiy bazalari Eronga qarshi operatsiyada ishlatilmasligini ma’lum qildi.
Reuters xabariga ko‘ra, zarbalar boshlanganidan so‘ng Ispaniyadagi bazalardan AQSHning kamida 15 ta samolyoti havoga ko‘tarilgan. Ulardan ayrimlari Germaniyadagi Ramshtayn aviabazasiga qo‘ngan.
AQSH Eron droniga o‘xshash LUCAS’ni qo‘lladi
AQSH ilk bor Eronning Shahed-136 droniga o‘xshash, Starlink terminallari bilan jihozlangan yangi LUCAS dronlaridan foydalandi.
Isroil razvedkasi Xomanaiyga qarshi operatsiyani 25 yil tayyorlagan
Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Isroil razvedkasi “Arslon na’rasi” operatsiyasi doirasida Tehrondagi yo‘l harakati kameralarini buzib kirgan va Xomanaiyning “hayot tarzi” modelini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilgan.
Hisobotda Sparrow raketalari qo‘llangani, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi suiqasd kuni joylashuvni tasdiqlashda ishtirok etgani aytiladi.
Eron Yevropani ogohlantirdi
Tehron rasmiylari Yevropa davlatlarini AQSH va Isroil operatsiyalariga aralashmaslik haqida ogohlantirdi. Eron TIV vakili Ismoil Baqoiy har qanday harbiy harakat “urush e’lon qilish bilan teng” bo‘lishini aytdi.
Kiprdagi Britaniya aviabazasiga dron hujumidan so‘ng Gretsiya, Germaniya va Fransiya orol mudofaasini kuchaytirishga va’da berdi. NATO bosh kotibi Mark Ryutte alyans “har bir qarich hududni himoya qilishini” ta’kidladi.
Eron hujumlari fonida BAA prezidenti Muhammad bin Zoid al-Nahayon va Dubay valiahd shahzodasi Hamdan bin Muhammad Dubai Mall’da sayr qilib, jamoat joyida ko‘rinish berdi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.
“Dunyo” xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning 13 nafar fuqarosi Turkmaniston orqali vatanga qaytarildi. Ular “Sarahs” chegara posti orqali xavfsiz kuzatib qo‘yilgan.
Shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyat sabab O‘zbekiston aeroportlaridan Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Eron, Kuvayt va Isroilga reyslar vaqtincha to‘xtatildi. Maxsus reyslar orqali yo‘lovchilarni qaytarish ishlari davom etmoqda.








