Daryo

AQSH Eronga hujumda Starlink internetiga ulangan drondan foydalandi (video)

U tashqi koʻrinishidan Eronning Shahed droniga oʻxshaydi va radarlarga koʻrinmay parvoz qilishi mumkin.

1 daqiqa o‘qish21 595 ko‘rishlar0 izoh14

AQSH Eron hududiga zarbalar berishda ilk bor Eronning Shahed-136 droniga o‘xshash, uning Amerika talqini hisoblangan va Starlink sun’iy yo‘ldosh terminallari bilan jihozlangan yangi LUCAS dronlaridan foydalandi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi e’lon qilgan suratlarda dronlar fyuzelyajining yuqori qismida to‘rtburchak panellar ko‘rinib turibdi. Ekspertlar ularni Starlink terminallari deb atamoqda. LUCAS konseptual jihatdan Eron kamikadze dronlariga oʻxshaydi. Ko‘plab ekspertlar uni “teskari muhandislik”, ya’ni qo‘lga kiritilgan namunalardan o‘rganish asosida yaratilgan “litsenziyasiz nusxa” deb atamoqda.

Qurilma o‘xshash aerodinamik sxemaga, ichki yonuv dvigateliga va orqa qismida joylashgan vintga ega. LUCAS dronlari Eronga qarshi operatsiyada ilk bor qoʻllanmoqda. Konstruksiyada Starlink terminallaridan foydalanilganiga rasmiy izoh berilmagan. Ammo Yaqin Sharqdagi mojaro fonida AQSH dronining Iroqda halokatga uchraganiga oid ma’lumot tarqalgan.

Dronlarni sun’iy yo‘ldosh aloqasi bilan jihozlash operatorlarga ularni parvoz davomida boshqarish imkonini beradi. Sun’iy yo‘ldosh signalini uzib qoʻyish qiyin, dron esa radarlar aniqlamasligi uchun yerga yaqin past balandlikda uchishi mumkin. Bu esa uni tutib olishni qiyinlashtiradi.

AQSHdagi sinovlar davomida nishonlarni avtomatik aniqlash tizimi haqida ham so‘z borgan, bu esa apparatning aniqligi va mustaqil harakatlanish imkoniyatini oshiradi. Jang maydonida Starlink terminallari o‘rnatilgan dronlardan foydalanish yangilik emas. Avvalroq bu taktikani Rossiya Ukrainaga qarshi urushda faol qo‘llagan edi.

Ukraina mudofaa vaziri maslahatchisi Sergey Beskrestnov yanvar oyida Starlink orqali boshqarilgan yuzlab Rossiya dronlarining hujumlari qayd etilganini aytgan. Fevral oyida Ukraina Mudofaa vazirligi SpaceX kompaniyasi bilan Rossiya armiyasi foydalanayotgan barcha terminallarni o‘chirishga kelishib oldi. Natijada Rossiya harbiylari sun’iy yo‘ldosh orqali boshqariladigan dronlardan foydalanish imkoniyatini yo‘qotdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar