Eronda jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.
Tehrondagi diplomatik vakolatxonaga ko‘ra, hozirda Eronda jami 81 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi. Shulardan:
- 8 nafari — diplomatik vakolatxonalar xodimlari;
- 9 nafari — Qum shahrida tahsil olayotgan talabalar;
- 55 nafari — Eron hududida doimiy yashovchi fuqarolar;
- 9 nafari — xususiy safar bilan borganlar.
Elchixona vatandoshlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi va ular bilan muntazam muloqotni ta’minlamoqda, deyiladi xabarda.
Zarur hollarda fuqarolar O‘zbekistonning Tehron shahridagi elchixonasiga quyidagi raqam orqali murojaat qilishlari mumkin: +98 912 132 78 23 (mas’ul shaxs: Yuldashev Elbek).
O‘zi nima gap?
27-fevral. Shveysariyaning Jeneva shahrida AQSH va Eron o‘rtasida Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha o‘tkazilgan navbatdagi muzokaralar samarasiz yakunlandi. Shu kunning o‘zi bir nechta davlatlar, shu jumladan, Buyuk Britaniya ham o‘z fuqarolarini Eronni tark etishga chaqirdi. Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat tufayli o‘z diplomatlarini Erondan vaqtincha chaqirib oldi.
28-fevral. Isroil Eronga zarbalar berdi. Mamlakat buni o‘ziga nisbatan tahdidlar uchun ogohlantirish deya baholadi. Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlari Eronga qarshi keng ko‘lamli amaliyot boshlaganini e’lon qildi. O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu mamlakat hududida istiqomat qilayotgan fuqarolarga murojaat yo‘llab, Isroil hududiga kuchli raketa hujumlari kuzatilishi kutilayotganini ma’lum qildi.
- Eron Isroil hamda AQSHning Qatar va Bahrayndagi harbiy bazalariga zarba berdi. Qatar hukumati raketa urib tushirilganini ma’lum qildi, Bahraynda esa yerda talafotlar kuzatilgan. Bundan tashqari Iordaniya poytaxti Ummon va Kuvaytda havo trevogasi sirenalari yangradi.
- Eron va Isroil havo hududlarining yopilishi sababli O‘zbekistondan uchgan bir nechta reyslar ortga qaytdi.
- Isroil harbiy havo kuchlari Eronning Minab shahrida joylashgan qizlar boshlang‘ich maktabiga zarba berdi. 100 dan oshiq insonlar vafot etdi. Oʻzbekistonning Tehrondagi elchixonasi Erondagi oʻzbekistonliklarni xavfsizlik choralarini koʻrishga chaqirdi.
1-mart. Tramp Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiy o‘lganini e’lon qildi. Hujumlarda Xomanaiyning qizi, kuyovi va nevarasi halok bo‘lgani tasdiqlandi. Shuningdek, Eron oliy rahnamosining kelini 28-fevral kuni tonggi hujumlarda halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Mamlakatda 40 kunlik motam e’lon qilindi.








