Isroil bosh vazir Binyamin Netanyaxu Eronning yangi oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiyni o‘ldirish bilan tahdid qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Netanyaxu Eronga qarshi urush boshlanganidan buyon ilk bor matbuot anjumani o‘tkazdi. U mazkur tadbirda Eron “endi avvalgidek emas”ligini, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va Basij yarimharbiy kuchlariga zarba berilganini aytdi.
Isroil bosh vaziri urushga qo‘shilgan Livanning “Hizbulloh” guruhiga qarshi hujumlar davom etishini aytdi. Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 28-fevral kuni havo hujumlari oqibatida o‘ldirilganidan so‘ng 2-mart kuni “Hizbulloh” Isroilga qarshi zarbalar berishni boshladi. Livan guruhini buni Xomanaiy o‘limi uchun qasos deb atadi. Eronning o‘ldirilgan oliy rahnamosi o‘rnini uning o‘g‘li Mojtaba Xomanaiy egalladi.
Netanyaxudan Eronning yangi oliy rahnamosi va “Hizbulloh” yetakchisiga qarshi qanday choralar ko‘rilishi haqida so‘raldi.
“Men terrorchi tashkilot rahbarlaridan birortasiga ham hayot sug‘urtasi polisini bermagan bo‘lardim... Bu yerda nimalarni rejalashtirayotganimiz yoki nima qilmoqchi ekanimiz haqida aniq hisobot berish niyatim yo‘q”, deya javob berdi Isroil bosh vaziri.
Isroil Eronga hujumdan maqsad Tehronning yadroviy va ballistik raketa dasturlari tufayli yuzaga kelayotgan “ekzistensial tahdidni bartaraf etish” ekanini ma’lum qilgan. Shuningdek, eronliklarni qo‘zg‘olonga undash orqali hukumat qulatishga chaqirgan.
Urush boshlanganidan beri Eronda hukumatga qarshi norozilik alomatlari kuzatilmadi. Netanyaxu hukumat qulamagan taqdirda ham u zaifligicha qolishini aytdi.
“Biz qanday choralar ko‘rayotganimizni batafsil aytmayman. Biz rejimni ag‘darish uchun optimal sharoitlarni yaratmoqdamiz, biroq Eron xalqi rejimni ag‘daradi, deb to‘liq ishonch bilan ayta olmasligimni inkor qilmayman, rejim ichkaridan ag‘dariladi. Ammo biz, shubhasiz, yordam bera olamiz va yordam beryapmiz ham”, dedi Netanyaxu.








