Daryo

Mojtaba Xomanaiy kim va qanday yo‘lni bosib o‘tgan?

AQSH va Isroilning havo hujumlarida halok bo‘lgan Ali Xomanaiyning ikkinchi o‘g‘li Mojtaba Xomanaiy mamlakat oliy rahnamosi etib saylandi. Hech qachon davlat lavozimida ishlamagan, omma oldida nutq so‘zlamagan va intervyu bermagan Mojtaba Xomanaiy kim o‘zi va u mamlakat yetakchisi sifatida qaysi yo‘ldan boradi? Mazkur maqolada shu mavzular tahlil qilingan.

4 daqiqa o‘qish22 169 ko‘rishlar0 izoh19

Eron ulamolaridan iborat kengash AQSH va Isroilning havo hujumlarida halok bo‘lgan Ali Xomanaiyning ikkinchi o‘g‘li Mojtaba Xomanaiyni mamlakat oliy rahnamosi etib sayladi.

Otasidan farqli o‘laroq, 56 yoshli Mojtaba uzoq vaqt davomida “parda ortida” qolgandi. U hech qachon davlat lavozimida ishlamagan, omma oldida nutq so‘zlamagan va intervyu bermagan, ochiq manbalarda esa uning sanoqli suratlari va videotasvirlari e’lon qilingan.

U rasman hech qanday davlat lavozimida ishlamayotgan bo‘lsa-da, Eronning xavfsizlik tizimi va razvedka organlarida katta ta’sirga ega ekani aytiladi.

AP agentligining xabar berishicha, 2000-yillarning oxirida WikiLeaks tomonidan e’lon qilingan AQSH diplomatik telegrammalarida u “parda ortidagi kuch” – hukmron doiralarda ko‘pchilik “qobiliyatli va qat’iyatli” deb bilgan shaxs sifatida ta’riflangan.

Shunday bo‘lsa-da, Mojtaba Xomanaiyning oliy rahnamo sifatida tanlanishi kelishmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin. 1979-yilda Eronda monarxiya ag‘darilgach, shu paytga qadar oliy rahbar hokimiyatni qarindoshidan meros qilib olmagan edi. Mamlakat oliy rahnamosi o‘zining diniy nufuzi va yetakchilik qobiliyatlariga ko‘ra saylanishi kerak, degan tamoyil amalda edi. Mojtaba Xomanaiyning tayinlanishi Eron Islom Respublikasi tarixidagi ilk bunday holatdir.

Ali Xomanaiy o‘z hukmronligi davrida Eronning bo‘lajak rahbariyati haqida faqat umumiy iboralar bilan gapirgan.

Oliy rahbarni saylaydigan ruhoniylar organi — Ekspertlar kengashi a’zolaridan biri ikki yil avval Ali Xomanaiy o‘z o‘g‘lini bu lavozimga nomzod qilib ko‘rsatishga qarshi bo‘lganini aytgandi. Biroq Xomanaiyning o‘zi hech qachon bu masalaga omma oldida izoh bermagan.

Xo‘sh, Mojtaba Xomanaiy kim o‘zi?

Mojtaba 1969-yil 8-sentyabrda mamlakatning shimoli-sharqidagi Mashhad shahrida tug‘ilgan, u Xomanaiyning olti farzandining ikkinchisidir. O‘rta ma’lumotni Tehrondagi “Alaviy” diniy maktabida olgan.
Eron OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Mojtaba 17 yoshida Eron-Iroq urushi paytida bir necha bor qisqa muddatli harbiy xizmatni o‘tagan. Sakkiz yil davom etgan bu qonli mojaro Iroqni qo‘llab-quvvatlagan AQSH va G‘arbga nisbatan Eron hukumatining nafratini yanada kuchaytirdi.

Foto: Google Images

1999-yilda Mojtaba diniy ta’limni davom ettirish uchun shialarning eng muhim markazlaridan biri sanalgan Qum shahriga yo‘l oladi. Shunisi e’tiborga loyiqki, u shu paytgacha Eronda shia ruhoniylari an’anaviy tarzda kiyadigan libosni kiymagan edi. Odatda eronlik nufuzli shaxslar ancha yoshroq paytda oliy diniy ta’lim olishni boshlashadi. Mojtaba Xomanaiy nima uchun aynan 30 yoshida bu ishga kirishishga qaror qilgani noma’lum.

Mojtaba oliy diniy ta’lim olgan bo‘lsa ham, hali “Mardja at-taqlid” darajasiga yetmagan. O‘zbek tiliga “taqlid uchun o‘rnak” deb tarjima qilish mumkin bo‘lgan bu daraja shialarda oyatullohlarga beriladigan eng yuqori diniy unvon hisoblanadi. Ular diniy masalalarda fatvolar chiqarish huquqiga ega bo'lib, dindorlar orasida yuksak obro‘ga ega hisoblanadi.

Mojtaba hozirgi vaqtda o‘rta martabali bir ruhoniydir, bu esa uning oliy rahbarlik lavozimida faoliyat yuritishida e’tirozlar tug‘dirishi mumkin.

Saylovlarga aralashuv bo‘yicha ayblovlar

Mojtabaning nomi ilk bor 2005-yilgi prezidentlik saylovlari vaqtida jamoatchilik e’tiboriga tushdi. O‘shanda Mahmud Ahmadinajod saylovda g‘alaba qozongan edi.

Prezidentlikka nomzodlardan biri Mehdi Karrubiy Ali Xomanaiyga yo‘llagan ochiq maktubida Mojtabani Islomiy inqilob posbonlari korpusi (IIPK) va “Basij” harbiylashgan guruhi orqali saylovlarga aralashganlikda aybladi. Karrubiyning so‘zlariga ko‘ra, ular Ahmadinajod g‘alaba qozonishiga yordam berish uchun diniy guruhlarga pul tarqatgan.

Oradan to‘rt yil o‘tgach, Mojtabaga yana xuddi shunday ayblovlar qo‘yildi. Ahmadinajodning qayta saylanishi esa butun mamlakat bo‘ylab “Yashil harakat” deb nom olgan ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Namoyishchilarning ayrimlari Mojtaba otasining o‘rniga Eron oliy rahbari bo‘lishi mumkinligidan noroziligini bildirgan.

O‘sha paytda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida bo‘lgan Mustafo Tojzoda saylov natijalarini “adolatsiz” deb atagandi. Buning ortidan u yetti yilga ozodlikdan mahrum etildi. Mustafo Tojzodaning o‘zi qamoqqa tashlanishi “Mojtaba Xomanaiyning bevosita xohishi bilan” sodir bo‘lganini da’vo qildi.

2009-yilgi saylovlardan so‘ng ikki nomzod – Mir Husayn Musaviy va Mehdi Karrubiy uy qamog‘iga olindi. Bunda ham Mojtabaning qo‘li borligi haqida da’volar yangragan.

Mojtaba Xomanaiy qaysi yo‘lni tanlaydi?

Ko‘pchilik mutaxassislar Mojtaba otasining qat’iy siyosatini davom ettirishini kutmoqda. Ular AQSH va Isroil zarbalari oqibatida ota-onasi va rafiqasidan ayrilgan odam G‘arb bosimi ostida dushmanlarga yon berishi amrimahol, deb hisoblayapti.

Foto: Google Images

Biroq uning zimmasida Eronning barqarorligini ta’minlash hamda mamlakatni hozirgi siyosiy va iqtisodiy inqirozdan aynan u olib chiqa olishiga jamiyatni ishontirishdek murakkab vazifalar ham turibdi.

Eronda 1979-yilgi inqilobda monarxiya (shohlik) ag‘darilgan edi. Mojtaba otasining o‘rniga oliy rahnamo bo‘lishi yana monarxiyaga qaytish sifatida baholanishi va jamoatchilik noroziligini yanada kuchaytirishi mumkin. Mojtabaning yetakchilik qobiliyati esa hali sinovdan o‘tmagan.

Tramp nima deyapti?

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning yangi Oliy rahbari Mojtaba Xomanaiy AQSh roziligini olmaguncha “uzoq vaqt lavozimda qolmasligi”ni aytdi.

"U bizning roziligimizni olishi kerak bo'ladi, — dedi Tramp ABC News telekanaliga bergan intervyusida. — Agar u bizning roziligimizni olmasa, lavozimida uzoq vaqt qolmaydi. Biz bu masalani har 10 yilda qayta ko'rib chiqishimiz shart emasligiga ishonch hosil qilmoqchimiz".

Eski rejim bilan bog'liq odamni Eronning Oliy rahbari sifatida tasdiqlashga tayyormi yoki yo'qmi degan savolga Tramp shunday javob bergan: "Men yaxshi rahbarni tanlashga rozi bo'lardim, ha, rozi bo'lardim. Bunga mos keladigan odamlar ko'p".

Foto: Google Images

Shuningdek, Isroil Ali Xomanaiyning har qanday vorisini ta’qib qilishda davom etishini va uni tayinlashga uringan har bir shaxsni ham nishonga olishini bildirgan.

Ko‘plab tahlilchilarga ko‘ra, Mojtaba Xomanaiyning tayinlanishi Eron hukumati hali ham kuchli ekanini va G‘arb bosimiga bo‘ysunmasligini ko‘rsatishga qaratilgan ramziy qadamdir.

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar